Norozi bo‘lsa, sudga bersin!
Joriy yil 13 avgust kuni saytimizda «Adovat muhimmi, adolat yoki sobiq praporщik nimadan norozi?» sarlavhali maqola e’lon qilingan edi. Ushbu maqola yuzasidan Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining o‘rinbosari U.Do‘smatov imzosi bilan javob xati oldik.
Unda maqola Markaziy harbiy okrugi boshqaruv apparati mansabdor shaxslari tomonidan o‘rganib chiqilgani bildirilib, quyidagilar bayon qilingan:
Murojaatni o‘rganib chiqish davomida fuqaro I.Musayevning Qurolli Kuchlar safida xizmat qilgan yillari 20 yildan kam bo‘lganligi sababli Mudofaa vazirining 1990 yildagi 500-sonli buyrug‘i talablariga asosan unga Mudofaa vazirligi hisobidan pensiya tayinlash uchun asoslar mavjud emasligi aniqlangan.
Shuningdek, fuqaro I.Musayevning fuqaro X.Yanov va boshqalarning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan arizasi yuzasidan Samarqand harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan va natijasi bo‘yicha 2017 yil 9 iyul kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Fuqaro I.Musayev 1986 yil martdan 1994 yil yanvar oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida 7 yilu 10 oy kalendar hisobda kontrakt asosidagi harbiy xizmatni o‘tagan hamda Mudofaa vazirining 1994 yil 27 yanvar kungi buyrug‘i bilan harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan.
Shundan so‘ng Tojikiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida 1994 yil sentyabrdan 1997 yil oktyabr oyiga qadar 3 yilu 1 oy kalendar hisobda kontrakt asosidagi harbiy xizmatni o‘tagan.
Ariza muallifi I.Musayev maqolada keltirilganidek Mudofaa vazirining 1994 yil 27 yanvar kungi buyrug‘i bilan harbiy xizmatdan zaxiraga noqonuniy bo‘shatilganligi holati yuzasidan tegishli sud organlariga murojaat qilish huquqiga ega ekanligi ma’lum qilinadi.