Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.

Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Qozog‘iston Prezidenti xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidladi.