Nuriddin Kalonov - O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a’zosi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan respublikamizdagi 9 nafar ijodkor Badiiy akademiyaning haqiqiy a’zolari etib tasdiqlandi. Ular orasida samarqandlik taniqli rassom, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Nuriddin Kalonov ham bor.

Nuriddin Kalonov respublikamizda rangtasvirchi rassom sifatida nom qozongan. Uning respublikamizning bir necha shaharlarida va juda ko‘p mamlakatlarda shaxsiy ko‘rgazmalari ochilgan. Masalan, 2021 yilda Samarqandning so‘lim go‘shalaridan biri - O‘smatboy madrasasida o‘tkazilgan «Ijod so‘qmoqlari» nomli shaxsiy ko‘rgazmasida Nuriddin Kalonovning 500 dan ortiq turli janrlardagi maftunkor ijod namunalari joy olgan edi.

– O‘zim tug‘ilgan joy - Samarqandda xalqimiz uchun mehnatlarim samarasini namoyish etish menda o‘zgacha faxr uyg‘otadi, – deydi Nuriddin Kalonov. – Ko‘pchiligimiz chiroyli manzaralarning oldidan o‘tib ketamiz. Lekin uning yanada go‘zal tomonlariga ahamiyat bermaymiz. Biz, rassomlarning ishimiz o‘sha odamlarga ilhom beradigan, ko‘zni quvnatadigan jihatlarni kartinalarga tushirishdir.