Nurobod dashtlariga sanoat kirib bormoqda

Hududda endi changyutkich, kir yuvish mashinasi va muzlatkich tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Bugungi kunda xorij bozorlariga qurilish materiallari, shu bilan birga radiatorlar ham chiqarilmoqda.

Nurobod tumanidagi "Press Plast Invest" mas’uliyati cheklangan jamiyatida maishiy texnika (changyutgich) ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati 4 694 million so‘mlik loyiha amalga oshirilmoqda.

"Tesco Plus" mas’uliyati cheklangan jamiyati kir yuvish mashinalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Qiymati 7 122 million so‘mlik loyiha doirasida 22 ta ish o‘rni yaratiladi.

"TESPACK" mas’uliyati cheklangan jamiyati 53 200 million so‘m mablag‘ asosida muzlatgich ishlab chiqarishni tashkil etadi. Loyiha 140 kishini ish bilan ta’minlashi rejalashtirilmoqda.

Umuman, tumanda joriy yilda elektrotexnika sanoati yo‘nalishida 5 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu yo‘nalishda 277 ta ish o‘rni yaratiladi.

Bundan tashqari, tumanda sanoatning qurilish materiallari ishlab chiqarish yo‘nalishida 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Shu orqali 400 ga yaqin kishining bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Bu kabi sa’y-harakatlar natijasida xorij bozorlariga chiqarilayotgan mahsulotlarda sanoat mahsulotlari ulushi ham ortib bormoqda. Qayd etilishicha, tumanda joriy yil uchun 6 million 107 ming dollarlik eksport rejasi o‘rnatilgan. Xususan, "MIRANKUL CONSTRUCTION MATERIALS LTD" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 million dollarlik qurilish sohasida ishlatiladigan metall konstruksiyalar xorijlik hamkorlarga yetkazib beriladi.

"FOX PIPES INNOVATION" mas’uliyati cheklangan jamiyati 100 ming dollarlik PVX quvurlari hamda fitinglar, "OIL EXTRACTION" qo‘shma korxonasi 100 ming dollarlik plastik taralar, "TESPACK INVESTMENT" mas’uliyati cheklangan jamiyati 100 ming dollarlik radiatorlar, "SOGDA GRANIT STONES" mas’uliyati cheklangan jamiyati 227 ming dollarlik qurilish materiallari, "GAMMA WINDOW SESTEM" mas’uliyati cheklangan jamiyati 200 ming dollarlik plastik eshik va deraza romlari eksport qilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, "PISKENT MEVA" mas’uliyati cheklangan jamiyati 100 ming dollarlik, "MAROQAND EXSPORT IMPORT GROOUP" mas’uliyati cheklangan jamiyati 280 ming dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chet el bozorlariga chiqaradi.

Yanvar-fevral oylarida 231 ming dollarlik PVX quvurlari, fitinglar, plastik taralar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan.