Nurobod tumani statistika bo‘limida haliyam rus tilida ish yuritiladimi?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga alohida to‘xtalmoqchi emasmiz. Ammo Hukumat qarorida 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyoti to‘liq joriy etilishi belgilangandi.

Biroq Nurobod tumani hokimligida, jumladan statistika bo‘limi tomonidan hamon kirill grafikasi, kamiga rus tilida ish yuritilayotganini qanday izohlash mumkin?!

Aslida statistik ma’lumotlar orqali tumanda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi o‘sishi (139 foiz) viloyatda eng yaxshilardan ekanligi nazarimizga tushdi. Bu haqda batafsil ma’lumot olish uchun tuman hokimligiga murojaat qilganimizda quyidagi hisobot taqdim etildi:

Savolimizga tushunishmaganini qayd etib, masalani takror ko‘ndalang qo‘ydik. Navbatdagi ma’lumot ham bizni qoniqtirmasligi, qo‘shimcha ma’lumotni viloyatda olgach tashlab berishlarini bilgach, hayratimiz yana oshib, savolni qayta o‘qishni iltimos qildik.

“Savol juda oddiy: qaysi korxona qanaqa oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqaryapti? Shu paytgacha qaysi korxona qancha oziq-ovqat mahsuloti ishlab chiqargan?

Buni viloyatdan olmaydiku.”

Keyingi olgan ma’lumot esa qariyb hammasini oydinlashtirdi. Negaki, tumanda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarayotgan 21 ta korxonaning 19 tasi non tayyorlash bilan shug‘ullanarkan. Ro‘yxatga qaraganda faqatgina Oltinsoy mahallasidagi "EKOMILK" xususiy korxonasi bozorga tvorog va tvorogdan mahsulotlar chiqarar ekan.

Shu sababli tumanda qay tariqa 10 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgani bilan qiziqmadik. Shuncha so‘mlik arzonlashtirilgan un tegishli korxonalar o‘rtasida taqsimlangan degan yaxshi gumonda surishtiruvimizni to‘xtatdik.

Ammo tumanda qachondir nondan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini ham ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish mutasaddilar uchun qiziqmasmikan?