Nurobodda 10 ming gektarli bog‘ yaratiladi
Prezidentimiz joriy yil 11 yanvar kuni viloyatimizga tashrifi chog‘ida Nurobod tumanida qishloq xo‘jaligida foydalanilmaydigan yerlardan 10 ming gektar maydonni tashabbuskorlarga berish va shu yerlarda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida tumanda bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?
- Nurobodda jami 60 ming gektar lalmi yer maydoni fermer xo‘jaliklari ixtiyoriga berilgan, - deydi tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi boshlig‘i Asliddin Toshboyev. - Berilgan topshiriqdan so‘ng barcha fermer xo‘jaliklarga tasarrufidagi yerlarda bog‘, tokzorlar barpo etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqishni taklif qildik, imkoniyati bo‘lmagan xo‘jaliklar yerlarida uzumchilik, bog‘dorchilik xo‘jaliklari tashkil etish uchun boshqa tashabbuskorlarni jalb etyapmiz. Hozirgacha 2 776 gektar lalmi maydonda bog‘ va uzumzor tashkil etish bo‘yicha loyihalar tasdiqlandi. "Olg‘a chashmasi" muqobil mashina traktor parki hududida yerning birinchi qatlamidan suv olish mumkin bo‘lganligi uchun 1,5 ming gektar va boshqa suvga yaqin hududlarda bog‘ va tokzorlar tashkil etilmoqda.
O‘.XUDOYBERDIYEV.