Nurobodda noqonuniy daraxt kesilishi oqibatida tabiatga 147 187 500 so‘m zarar yetkazilgan
Tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari 30 oktyabr kuni tumanning Do‘stlik mahallasi hududidagi «Kamalak nur yog‘dusi» fermer xo‘jaligi hududida ihota shaklida ekilgan 27 tup qora tol daraxtlarini Past Darg‘om tumani Mehnat mahallasi fuqarosi Q.Z. tegishli ruxsat olmasdan noqonuniy tarzda kesganligini aniqlagan.
Kesilgan daraxtlar Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi «Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarni ekish, parvarish qilish va ulardan foydalanish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarorining 4-ilovasiga asosan, tegishli hujjatlar qonun talablariga muvofiq rasmiylashtirilib, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanganda 147 187 500 so‘mni tashkil qilgan.
Ayni paytda huquqbuzarga tegishli ashyoviy dalillar olib qo‘yilib, texnika vositalari va avtomobillar vaqtincha saqlash maydonchasiga qo‘yilgan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarda jinoiy alomatlar mavjud ekanligi bois huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.