Nurobodlik tadbirkorlarni nima qiynayapti?

Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari tashkil qilingani hududlarda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, soha vakillarining faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etyapti. Buni birgina Nurobod tumanidagi Bosh vazir qabulxonasi faoliyati misolida ham ko‘rish mumkin.

Negaki, qabulxona mudiri hamda tuman hokimi tomonidan tasdiqlangan grafik asosida mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda kunlik qabullar o‘tkazilmoqda. Kelib tushayotgan har bir murojaat kb.business.gov.uz portaliga kiritilib, tegishli korxona va tashkilotlarga ijro muddati belgilangan holda yuborilmoqda va nazoratga olinyapti.

Joriy yilning o‘tgan davrida tadbirkor va tashabbuskorlarning 325 ta murojaati qabul qilindi. Ularning 209 tasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuman qabulxonasida, 45 tasi respublika ishonch telefoni orqali, 34 tasi sayyor qabullarda, 4 tasi business.gov.uz portali orqali olindi.

Tahlillarga ko‘ra, 14 ta murojaatda respublika, 32 tasida viloyat, 279 tasida tuman darajasida hal etiladigan muammolar ko‘tarilgan. Ularning 38 tasi kredit olish, 16 tasi yer ajratilishi, 84 tasi ruxsatnoma va litsenziya olish, 12 tasi infratuzilma tarmoqlariga ulanish bo‘yicha 175 tasi boshqa masalalarda bo‘lgan.

Mutasaddi tashkilot va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 248 tasi yoki 76,3 foizi ijobiy hal etildi, 75 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, 2 ta murojaat rad etildi.

Qayd etish lozimki, murojaatlarni ko‘rib chiqishda belgilangan muddatlarga rioya etish, tadbirkorlikka oid tegishli topshiriqlarni aniq amaliy natijalarga erishilishi ta’minlanmasdan turib, yuzaki ko‘rib chiqilishi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilgan.

Sh.Abdurahmonov,

Nurobod tumani tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi mudiri.