Odam “ovlagan” ona-bolalarga hukm o‘qildi
Yengil-yelpi hayot tarziga odatlangan Farangiz Shahobova (ism-familiyalar o‘zgartirildi) turmushga chiqqandan keyin ham raso yashashni o‘ziga ravo ko‘rmadi. Oqibatda vujudida bir necha oylik homilasi bilan turmushidan ajrashib, onasinikiga jo‘nadi...
Homila go‘yo unga “yuk”dek tuyulardi. Negaki agar u bo‘lmaganda ayrim tanish dugonalari kabi xorijga chiqib, “go‘zal” hayot kechirayotgan bo‘lardi-da. Nihoyat Farangiz qizalog‘i Zilolani dunyoga keltirdi. Ammo chaqaloq hali uch oylikka to‘lib-to‘lmay uni onasi Aziza Shahobovaga tashlab, Ozarbayjon Respublikasi, u yerdan Turkiyaga jo‘nadi.
U Turkiyada o‘zi istagan “go‘zal” hayotni topdi, go‘yo: o‘sha yerlik bir yigitga turmushga chiqib, turli xil “bizneslar”ni boshlab yubordi. Uning topgani o‘ziga juda kam tuyulib ketdi. Biznesning mo‘mayroq daromad qoldiradigan yo‘llarini o‘yladi. Shu kunlarda onasi Aziza Shahobova bilan chuqur hasratlashgan Farangiz O‘zbekistondagi ayrim xotin-qizlarga Turkiyada “ish” topib berish orqali ularni chaqirib olish va shuning ortidan yaxshigina pul topish rejasini tuzishdi. Ona-bolaning “o‘ljalari”dan biri Asila Negmatova bo‘ldi. Odam savdosi qurboni bo‘lishi mumkinligidan bexabar Asila oldindan o‘ziga tanish bo‘lgan Farangizning onasi Aziza opaga “qizingiz Turkiyada ekan, topish-tutishi yaxshigina emish, imkoni bo‘lsa menga ham shu tomonlardan ish topib bermasmikan?” deb qoldi. Aziza opa o‘zini xaloskordek tutib, unga albatta ish topib berishga va’da berdi. U qizi bilan gapni “pishitib”, Asilani Turkiyada fohishalik bilan shug‘ullansa, mo‘may pul topishga qiziqtirdi va zarur barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, uni kelishilgan manzilga jo‘natadigan bo‘ldi.
Aziza Shahobova o‘z hisobidan aviachipta olib, Asilani Toshkent shahridagi aeroportdan Turkiyaga yubormoqchi bo‘ldi, ular Samarqanddan chiqib ketayotganida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari fosh etilib, qo‘lga olindi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudida Farangiz va Asila Shahobovalarning qilmishi to‘liq o‘z isbotini topdi. Ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalariga muvofiq hukm o‘qildi.