Odamlar oqillarga ergashadi yoki davlat arbobi Nazir Rajabov siymosiga chizgilar
Xalqimizda dunyo yaxshi insonlarga suyanadi, degan gap bor. Ammo bu yaxshilar orasida ham Xudo nazar qilganlari, iqtidorli va noyob zakovat egalari mavjud. O‘sha davr sharoitiga ko‘ra, ko‘p bolali oddiy dehqonning farzandi, qirq besh yoshidayoq viloyatning birinchi rahbari, mamlakat va respublika davlat mukofoti sohibi bo‘lgan Nazir Rajabov ana shunday mo‘’jizaviy xislatli insonlardan biri edi.
Ammo bu kishining ulug‘ligi aslida boshqa xislatida. Uni haqiqiy yetakchi, to‘laqonli rahbar, insoniy fazilatlar jam bo‘lgan inson sifatida ko‘rish mumkin. Uzoq vaqt ishlamay yurganiga qaramasdan, Namangan va Samarqand viloyatlarida yashovchi katta yoshdagilar, bir marta bo‘lsa-da, u kishi bilan munosabatda bo‘lganlarning aksariyati haligacha Nazir akani yo‘qlashadi yoki davralarda gapirib turishadi.
Esimda. 1987 yilning oktyabrida viloyat partiya qo‘mitasi zali mas’ul xodimlar va faollar bilan to‘la. To‘planganlarga viloyatning yangi birinchi rahbari tanishtirildi. Minbarga gavdasi ham, ko‘rinishi ham, liboslari ham ko‘rkam inson chiqdi. Avval o‘zini tanishtirib, keyin ro‘yxat bo‘yicha har birimiz bilan tanishdi. Bu inson “Esdan chiqarmanglar, men mana shu bitta ro‘yxat orqali chehrangizga qarab, har biringizni eslab qoldim”, dedi. Tabiiyki, biz bu gapga ishonqiramadik, ammo haqiqiy munosabatlarda bu inson ochiq, to‘g‘riso‘z va xotirasi kuchli ekaniga ishonch hosil qildik.
Yangi rahbar hech qanday qog‘ozsiz, ortiqcha harakatsiz, zaldagilarning holatiga qarab so‘zladi: oddiy, tushunarli, eng muhimi, yuragidan gapirdi. Bunday paytda rasmiy minnatdorchiliklarga o‘rganib qolganlar hayratini yashira olishmadi. Go‘yo biz bilan suhbatlashardi, chunki nutqida o‘zining birinchi rahbarligini bildiradigan ishora ham yo‘q. Aksincha, hammani samimiy munosabatda ishlashga chorladi, muammolarga birgalashib yechib topishga chaqirdi. Mening esimda qolgani shuki, Nazir aka shunday chiroyli, badiiy va xalq iboralarini qo‘lladi, bu esa uning ko‘p gazeta va kitob o‘qiganini ko‘rsatib turardi. Hatto so‘zining oxirida rahbarlarga hamma matbuot va televizorni kuzatib borishi, kitob o‘qishi zarurligini ta’kidladi.
Xullas, ertasigayoq viloyatda yangi rahbarning ochiqligi, bilimdonligi, adolat tomonida ekanligi, kamtarligi va aholi bilan muomaladagi ibrati odamlar o‘rtasida tarqab ketdi. Binobarin, Nazir aka qurilish tresti boshqaruvchisi, vazir va Namanganda birinchi rahbar bo‘lganida ham mehnatni tashkil etishga adolat va bilim bilan yondashganini bilib oldik. Shu boisdan bizning viloyat qisqa muddatda o‘zgacha kayfiyat, ishchanlik og‘ushida qoldi. Birinchi kotib ish kunini avvalo, ertalabdan shahar birinchi rahbari, viloyat bosh arxitektori bilan birgalikda ko‘chalarni aylanishdan, odamlar bilan suhbatlashishdan boshlardi. Tabiiyki, boshqa rahbarlar ham shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishdi.
Nazir Rajabovning paxta yig‘im-terimidan talabalar, maktab o‘quvchilari va ularning o‘qituvchilarini, vrachlar va hamshiralarni, viloyat partiya qo‘mitasi va ijroqo‘midan biriktirilgan xodimlarni qaytarishi chinakam bayramga aylandi. Odamlar bu insonning ma’naviy jasoratiga, oqilligiga tan berishdi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, viloyat birinchi rahbarining talabiga ko‘ra, har kim o‘z joyida o‘ziga topshirilgan ish uchun javob berish tizimiga o‘tildi.
Nazir aka nafaqat dehqonlar, balki oddiy kasb egalari, hatto o‘rta bo‘g‘in rahbarlari bilan ham juda erkin suhbat qurdi, ularning mulohazalarini eshitdi, fikrlarini hisobga oldi. Bu esa odamlarda fidokorona ishlashga imkon yaratdi. Ayniqsa, davlat idoralari xodimlari o‘z jamoasida, tizimida xato qilib qo‘ymasmikan degan fikrdan, yangilik qilishdan qo‘rqishmadi. Chunki ko‘pchilikka nafi tegadigan takliflarni viloyatning birinchi rahbari chinakamiga qo‘llab turdi. Buning ustiga, birinchi rahbar hisobot tarzidagi balandparvoz ma’lumotlarni qabul ham qilmas va ularni eshitmas ham edi. Yig‘ilishlarda yangi kitoblar, san’at asarlari, gazeta yangiliklari haqida to‘lib-toshib gapirishlari, keskin munosabat bildirishlari bizni ham ana shunday faoliyat ko‘rsatishga undadi.
Bir kuni viloyat partiya komitetiga tegishli shifoxonaga ayolimni ko‘rgani bordim. Tashqaridagi hovlida suhbatlashib tursak, shifoxona darvozasi oldida qo‘liga kichik kastryulcha ko‘tarib kelayotgan Nazir Rajabovichga duch keldim, ikkinchi qo‘lida tuguncha ham bor. Biz illiqqina ko‘rishdik, kishi ham kulib, boshini irg‘ab o‘tib ketdi. Turmush o‘rtog‘imdan “Bu kishini taniysanmi?”, deb so‘radim. “Yo‘q, tanimayman, lekin har kuni Buxorodan kelgan kampir oldiga ertalab va kechqurun kelib ketadi, ayol ham nihoyatda ochiqqina ekan”, dedi. Nazir aka o‘z onasini oddiy bir farzanddek seva olgan inson, volidasiga bir o‘g‘il qilishi kerak bo‘lgan xizmatni qildi. Garchi katta rahbarlar uchun xizmat mashinasini muolaja binosi oldiga keltirish imkoniyati bo‘lsa-da, kishi mashinasini darvoza oldiga qo‘yib, kirib keldi. Onasiga esa ovqatni bozor yoki oshxonadan emas, uyidan olib keldi. Bu voqea minglab rahbarlarga katta saboq bo‘ldi.
Yaqinda eshitib qoldim, Nazir Rajabov 84 yoshga to‘ldi. Eskicha hisob-kitobda ming oy umr ko‘rdi. Bu yettita muchal, degani. Xalqimizda bunday xayrli kunlarda xalqparvar insonlarga, yaxshilarga duolar qilishi an’anasi bor. Men ham Samarqanddagi juda ko‘plab shogirdlari, do‘stlari, qalbiga yaqin insonlari qatorida u kishini ana shunday quvonchli kuni bilan tabriklamoqchiman. Samarqand sizni sevadi, Nazir aka.
Akram Aminov.