ODIN (Open Data Inventory) reytingi bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 44-o‘rinda, Markaziy Osiyoda birinchi
Samarqand viloyati statistika boshqarmasida “ODIN” va ma’lumotlar bo‘shliqlari” mavzusida seminar tashkil etildi. Davlat statistika qo‘mitasi hamda Open Data Watch – ochiq ma’lumotlar va rasmiy statistika bo‘yicha faoliyat olib boruvchi xalqaro notijorat tashkilot hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda ijtimoiy-iqtisodiy ma’lumotlar bo‘shliqlari, kelgusida qilinishi lozim bo‘lgan ishlar xususida so‘z bordi.
O‘zbekiston ODIN (Open Data Inventory) reytingida 63 ball to‘plab, 125 pog‘onaga ko‘tarildi va dunyoda 44-o‘rinni, Markaziy Osiyo davlatlari ichida 1-o‘rinni egalladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi mazkur reytingda eng yuqori o‘sishni ko‘rsatgan ikki mamlakatdan biriga aylandi. 2018 yilda mamlakatimiz jahonda 169-o‘rinni band etgan edi.
2021 yil 1 avgustga qadar O‘zbekiston Respublikasi ochiq ma’lumotlar portalining yangi versiyasini ishlab chiqish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Tadbirda "Open Data Watch" tashkiloti menejeri Jemison Krouyel ishtirok etdi.