Ogoh bo‘ling! Daftarlardan xavfli virus tarqalmoqda
Hurmatli ota-onalar, oldindan aytib qo‘yay, mabodo farzandingizga yangi o‘quv mavsumi uchun daftar xarid qilmoqchi bo‘lsangiz, ogoh bo‘ling. Muqovada ko‘rgan har tasvir yoki ma’lumotga ishonib ketavermang.
Masalan, suratda Amir Temur emas, balki uning o‘gay o‘g‘li aks etgan, “Farg‘ona” to‘g‘risidagi ma’lumotda esa umuman jungli o‘rmonlari haqida “aljirangan” bo‘lishi mumkin...
Vahima qilayotganim yo‘q. Kecha uyimiz oldidagi do‘kondan besh-oltita 12 varaqli daftar, yana bir qancha o‘quv qurollari sotib oldim. Sentyabr yaqin, keyish shoshib qolmaylik dedim-da. Daftarlar muqovasida tarixiy shaxslar, shaharlar nomi, orqa qismida esa ular haqida qisqacha ma’lumotlar (shunday deyish mumkin bo‘lsa) berilgan. Harna, bolalar serquyosh yurtimizning bebaho go‘shalari, ajdodlari bilan tanishar, dunyoqarashi oshar, degan umidda edim. Keyin bilsam, chuchvarani xom sanabman.
Nosir al-Farg‘oniymi yoki Kasir al-Farg‘oniy?
Birinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Farg‘ona” deb yozib qo‘yilgan. Demak, mantiqan daftar orqasida Farg‘ona to‘g‘risida ma’lumotlar berilishi kerak. Ammo buning o‘rniga negadir al-Farg‘oniy hayoti va ijodi haqida so‘z yuritilgan. Yana bir xil ma’lumot ikki marta, bitta betning o‘zida. Matndagi g‘ij-g‘ij xatolardan-ku ko‘ngil ayniydi.
Misol keltiraman. Birinchi xatboshida berilgan ma’lumotga ishonadigan bo‘lsak, Farg‘oniyning to‘liq ism-sharifi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Nosir al-Farg‘oniy. Ikkinchi xatboshida esa buyuk ajdodimizning ismi sal boshqacharoq – Abul Abbos Ahmad ibi (“ibi” shevasi ko‘proq Buxoro tomonlarga xos bo‘lib, ajablanganda yoki ensa qotirganda qo‘llaniladi – D.N.) Muhammad ibn Kasir al-Farg‘oniy”.
Qoyilmisiz? Shu paytgacha o‘qitilgan adabiyotlarda faqat bitta – Ahmad al-Farg‘oniy bo‘lardi. Balki “daftardo‘zlar” bilgan boshqa farg‘oniylar ham bordir, buni endi o‘zlari tilga kirsalar, aytib berishar.
Bundan tashqari, matndagi “A.al-F Xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vorisla-85 7ri al-Ma’mun (813-833)...davrda yashadi”, “Horun ar-Rashid vafoti (809 y.)dan so‘ng xalifalik taxtiga Muhammad al-Amin (809-813) chiqadi. y. ga qadar Marv-da yashaydi. U o‘z atrofiga olimlari fo-zillarni to‘playdi...” va hokazo jumlalarni o‘qisangiz, beixtiyor: harflar “trezviy” kallada terilmagan, degan shubhaga borishingiz aniq.
Yangi Qo‘qon xonligi haqida eshitganmisiz?
Ikkinchi daftar. Ustiga katta harflar bilan “Qo‘qon” deb yozib qo‘yilgan. Ma’lumot qismida qayd etilishicha, “Qo‘qon – Fargona viloyatida, sharqiy O‘zbekistondagi shahar. Aholisi 221, 700 (2010-yil). Eski Qo‘qon xonligining poytaxti bo‘lgan...”
Birinchidan, O‘zbekistonda “Fargona” nomli viloyat yo‘q. Ikkinchidan, tarixda faqat bitta “Qo‘qon xonligi” bo‘lgan. Uni “eski” yoki “yangi”ga ajratish fan uchun “yangilik”. Keyin, hurmatli ishlab chiqaruvchilar, uyg‘oning, hozir 2019 yil. Ma’lumotga yakun yasagan jumlani o‘qib, umuman yoqa ushlaysiz: “K. dan Farg‘ona rik shaharlariga va viloyatning avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi”. Sho‘rlik o‘quvchilar!
Mirzo Ulug‘bek – folbinmi?
Uchinchi daftar. “Mirzo Ulug‘bek” surati tushirilgan ushbu daftarda yozilishicha, Ulug‘bek eng avvalo ... folbin bo‘lgan ekan. Yo‘qsa, “Buyuk munajjim” jumlasini yana qanday izohlash mumkin? “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham “munajjim” so‘ziga “yulduzlarga qarab fol ko‘rgan kishi” deb ta’rif berilgan.
Yaxshiyam bu daftarlar XXI asrda chiqayapti, xudo ko‘rsatmasin XVII asrda bosilganida bormi, polyak astronomi Yan Geveliy Ulug‘bekni dunyoning barcha davrlaridagi eng buyuk besh nafar matematigi sirasiga kiritmagan, uning nomini Nostradamus qo‘lyozmalaridan qidirib yurgan bo‘lardik.
Aytgancha, bilmasangiz, bilib qo‘ying: Ulug‘bekni yana “Risolayi Lug‘bek” degan asari ham bor ekan. Balki, yoshligida Mirzoni erkalab “Lug‘bek” deb chaqirishgandir, bu yog‘i endi “daftardo‘zlar”ga ayon... Keyin matndagi jumlalarni tushunib, anglash uchun, kamida “filologiya fanlari nomzodi” bo‘lish kerak (bonusiga – imloviy xatolar): “...U Buyuk Yulduz bilimdoni va riyoziydon bo‘lgan... U yoshligini ko‘pincha O‘rta Sharq va Hindistonda o‘tkazgan bo‘lib Amir Temur o‘limidan keyin Samarqand ya’ni Koshg‘arli Mahmudga ko‘ra Samizkentda yerlashgan. Keyinchalik Otasi Shohrux Mirzo Hirotni o‘z davlatining boshkenti etib tayinlangach, ...1409 – yilda Samarqand boshchisi bo‘lib, 1411 – yilda esa Movaraunnahr xonliklarining erkin hukumdori bo‘lgan”.
Baraka topgurlar, 12 varaqli daftardan tilshunoslar emas, 7-10 yoshli boshlang‘ich sinf o‘quvchilari foydalanadi.
To‘rtinchi daftar, beshinchi, oltinchi... Umumiy manzara achinarli: dahshatli darajada imloviy xatolar, noto‘g‘ri ma’lumotlar, turli manbalardan ko‘r-ko‘rona ko‘chirilgan siyqa jumlalar... Bir so‘z bilan aytganda, daftarlar – savodsizlik virusining o‘chog‘iga aylanayapti. Unga tezda chora ko‘rilmasa, mutasaddilar ko‘zlarini kattaroq ochmasa, vijdoni uyg‘onmasa biz har doim faxrlanadigan ajdodlarimiz yana yuz yil go‘rida tik turadi.
Dilshod Nurulloh, O‘zA.