Viloyatda qariyb 4 mingta xorijiy tilda va xato bitilgan tashqi yozuvlar o‘zgartirildi
Prezidentimizning “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, boshqarma, tashkilot, muassasa va idoralarning nomlari, peshlavhalar, ommaviy targ‘ibot vositalari, e’lon, reklama va ko‘rgazmali boshqa axborot matnlari, ish qog‘ozlari va turli blanklar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishini ta’minlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand viloyati bo‘limi rahbari Farhod Nazarovning ma’lum qilishicha, Davlat tiliga oid qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash maqsadida mutasaddi korxona va tashkilotlar vakillari ishtirokida ishchi guruhlar shakllantirilib, hududlardagi tashqi yozuvlarning bugungi holati qaysi tilda va qaysi yozuv grafikasida yozilganligi o‘rganib chiqilmoqda.
O‘rganishlar davomida yil boshidan buyon 4955 ta xorijiy tildagi tashqi yozuvlar (peshlavha, reklama va boshqa e’lon, axborot matnlari), 2112 ta xato bitilgan tashqi yozuvlar, 7067 ta o‘zgartirilishi lozim bo‘lgan tashqi yozuvlar aniqlangan.
Olib borilgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari natijasida viloyatdagi 3942 ta xorijiy tilda va xato bilan yozilgan tashqi yozuvlar o‘zgartirilishi ta’minlangan.