Endi rahbarlarga ham o‘zbek tilini bilish talabi qo‘yiladi(mi?)
Keyingi yillarda davlat tiliga e’tibor kuchayishi bilan birga turli bo‘g‘in rahbarlarining va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan kadrlarning o‘zbek tilini bilish darajasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu ma’noda, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 28 sentyabrdagi 592-son qaroriga muvofiq “Rahbar kadrlar va mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilini bilish darajasini aniqlash va ularga davlat tilini bilish bo‘yicha daraja sertifikatini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tasdiqlandi. Qaror bilan 2021 yil 1 apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish darajasini aniqlash va sertifikat berish tizimi joriy etildi.
Vazirlar Mahkamasining mazkur qaroriga ko‘ra, dt.dtm.uz onlayn platformasi ishlab chiqildi. Test topshiriqlari davlat tilida ish yuritish o‘quv dasturiga ko‘ra lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida shakllantirilmoqda.
Topshiriqlarda talabgorning publitsistik, ilmiy-ommabop va rasmiy matnni o‘qib tushunish hamda imlo qoidalarini to‘g‘ri qo‘llay olish ko‘nikmalari baholanadi. Aytish kerakki, rahbar kadrlarning hamda mas’ul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslarning davlat tilida rasmiy ish yurita olish darajasini aniqlash tizimi odatdagilaridan farq qiladi. Bunda savollar “yopiq” va “ochiq” turlarga bo‘lingan. Yopiq test – talabgorga bir nechta javob variantlari bilan beriladigan topshiriqlardir. Talabgorga test sinovida o‘qib tushunish, yozma adabiy me’yorlar, ya’ni imlo qoidalari, so‘z va qo‘shimchalarni qo‘llashga oid hamda tinish belgilarining ishlatilish o‘rinlari yuzasidan yopiq testlar beriladi. Bunda talabgordan to‘g‘ri javobga ega muqobil javobli topshiriqlarni ishlashi talab etiladi. Ochiq testda esa muqobil javob variantlari berilmaydi, ya’ni talabgor tomonidan javoblar varaqasi qisqa yoki kengaytirilgan shaklda yozib to‘ldiriladi. Shuningdek, imtihon topshiruvchi rasmiy hujjatni shakllantira olishi va bugungi kundagi dolzarb va rahbarlik faoliyatiga oid mavzularda esse yoza olishi kerak. Boshqacha aytganda, davlat tilida fikr bayon qilish ko‘nikmalari ham sinovdan o‘tkaziladi.
Sinov variantlari hozirda 14 ta vazirlik va idoralarning mas’ul lavozimlarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlari ishtirokida aprobatsiyadan o‘tkazildi.
2021 yil 5 may kuni respublikamizning barcha hududlarida ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar test sinovlarini topshirishlari rejalashtirilgan. Bunda test sinovlari hududlardagi oliy ta’lim muassasalari auditoriyalarida karantin talablariga qat’iy rioya qilingan holda Davlat test markazining hududiy bo‘limlari tomonidan tashkillashtiriladi. Test sinovlari Davlat test markazi tomonidan an’anaviy shaklda, to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkaziladi. Jarayon to‘g‘ridan-to‘g‘ri internet orqali translyasiya qilib boriladi.
Test sinovlari bepul tashkil etiladi. Lekin test sinovidan o‘ta olmagan va sinovlarda qayta ishtirok etadigan talabgorlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida bazaviy hisoblash miqdorining 1,5 baravari miqdorida to‘lovni amalga oshirishi lozim. Buning uchun talabgorga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 14 xonalik raqamdan iborat invoys shakllantiriladi. To‘lovni Click, Payme, Upay va Paynet kabi elektron to‘lov tizimlari yoki bank kassalari orqali amalga oshirish mumkin.
Natijalar test sinovi yakunlangandan so‘ng (yopiq testlar 3 kun, ochiq testlar 15 kun ichida) e’lon qilinadi va eng yuqori ballning kamida 70 foizini to‘plagan shaxslarga sertifikat beriladi. Bunda talabgor sertifikatni shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuklab oladi. Mazkur jarayonlarning barchasi elektron tarzda amalga oshiriladi.
Sertifikatni amal qilish muddati 5 yil bo‘lib, mazkur davr davomida nomzod qayta imtihon topshirishi talab etilmaydi. Ya’ni, boshqa lavozimga o‘tganda ham faoliyatini davom ettira oladi.
Test natijalari dt.dtm.uz saytida e’lon qilinadi.
Agar talabgor o‘z javoblari natijasidan qoniqmasa, test natijalari to‘liq e’lon qilingan kundan boshlab 5 ish kuni ichida apellyasiya arizasini berishi mumkin.
Samariddin Suyunov,
DTM Samarqand viloyati bo‘limi yetakchi mutaxassisi.