Davlat tilida majburiy: iste’molchiga ijrochi va sotuvchi haqda ma’lumot berish tartibi o‘zgardi
Iste’molchilar huquqlari buzilishining oldini olish, sotuvchining iste’molchi oldidagi mas’uliyati va javobgarligini oshirish maqsadida qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritildi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqidagi, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga oid ma’lumot iste’molchiga davlat tilida beriladi.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga ko‘ra, shuningdek, qonunda yana bir qator qo‘shimchalar mavjud. Jumladan, tovarda (ishda, xizmatda) nuqsonlar borligi va uning normativ talablarga muvofiq emasligi aniqlanganda, sotuvchi mazkur nuqsonlarni aniqlash uchun tekshirish o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘liq qoplashi kerak.
Qonun bilan tovarlarni axborot tizimlari orqali savdo qilishda iste’molchi huquqlarini himoya qilish tartibi belgilandi.
Unga ko‘ra, axborot tizimlari orqali tuzilgan shartnoma bekor qilinganda, sotuvchi iste’molchiga tovarni qaytarib berish joyi to‘g‘risida xabar berishi kerak.
Iste’molchining aybisiz yetkazilgan shikastlantirishlar, shuningdek tovarni ko‘zdan kechirish va uni tekshirib ko‘rish maqsadida qadog‘ini ochish sababli tovar qiymatining pasayishi iste’molchini shartnomani bekor qilish huquqidan mahrum etmaydi.
Joriy yil 18 yanvarda Prezident tomonidan imzolangan mazkur qonundagi yuqoridagi talablar uch oydan so‘ng kuchga kiradi.