Imlo xatoliklarga boy kitoblar yosh avlodni savodsiz qilmaydimi?

Men uzoq vaqt qidirib yurgan kitob — Abu Nasr Forobiyning "Fozil odamlar shahri" kitobini nihoyat topdim. Sabrim chidamasdan, uni varaqlay boshladimu hafsalam pir bo‘ldi...

Afsus, men o‘n yetti yil davomida shu kitobni qidirgan bo‘lsam-a?!

Kitob 2016 yilda Abdulla Qodiriy nomidagi "Xalq merosi" nashriyotida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida chop etilib, maktab kutubxonalari uchun chiqarilganligi alohida ta’kidlanganiga qaramasdan, imlo qoidalari qo‘pol ravishda buzilgan. Deyarli har sahifada bo‘g‘inlar mutlaqo noto‘g‘ri ko‘chirilgan. Masalan: bi-rin-chi o‘rniga bir-inchi; biz-ning o‘rniga bi-zning; yo-xud o‘rniga yox-ud. Kitobdagi eng ko‘p xato bo‘g‘in ko‘chirish jarayonida vujudga kelgan.

Kitob jami 320 sahifadan iborat bo‘lishiga qaramay, mundarijada 340 sahifa, deb ko‘rsatilgan. Bu ham yetmagandek, mundarijada bob va sarlavhalar ko‘rsatilgan betlar chalkashtirib yuborilganidan, izlagan mavzuni topa olmaysiz. Misol uchun, "Fozil odamlar shahri" 179-betda ko‘rsatilgan. Aslida esa u kitobning 166-sahifasidan o‘rin olgan. Shu tariqa boshqa mavzularni ham mundarija asosida topish mushkul.

"S" tovushi lotin yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida agar unli tovushdan keyin kelsa, "-ts" tarzida ifodalanadi, so‘z boshida va undosh tovushdan keyin kelganda s tarzida yoziladi. Biroq ushbu kitobda litsenziya o‘rniga "lisenziya" tarzi yozilgan.

"O‘" tovushi va harfini ifodalovchi yangi alifbomizdagi "O‘" harfining o‘ng tomoni yuqori qismidagi belgi teskari shaklda berilgan. Xuddi shunday chalkashlik "g‘"ni ifodalovchi "g‘" harfida ham noto‘g‘ri qo‘llanilgan.

Xullas, kitobni varaqlash asnosida u "mendan ketguncha, egasiga yetguncha" qabilida faqat tijorat maqsadida nashr etilgan, degan xulosaga kelish mumkin.

Buyuk alloma, mutafakkirlarimizga ko‘rsatiladigan ehtirom, munosabat shumi?! Kitobni o‘qiganlar — farzandlarimiz ikkilanib qolishmaydimi? Axir, biror so‘zning xato yoki to‘g‘riligini kitoblar, gazeta va boshqa bosma nashrlardan qidiramiz-ku! Bu singari imloviy xatolardan iborat kitoblarni qo‘lga olgan farzandlarimiz savodsiz bo‘lib qolishmaydimi?

Mazkur kitob ustida ishlaganlarning birortasi uni chop etilgach, qo‘liga olib, varaqlamagan ko‘rinadi. Shunday o‘ylasak, uni nashrga tayyorlash jarayoni qanday kechganligi haqida ham ko‘plab savollarimiz ochiq qolayotir.

Vaholanki, kitob nashri uchun bir-ikki emas, sakkiz nafar kishi mas’ul bo‘lgan. Ustiga-ustak bu kitob 44 221 nusxada chop etilgan. Qancha kitobxonlar qo‘liga tushgani-yu, qancha kishi mutolaa qilganligini tasavvur qilavering... Kitobni chiqarishdan maqsad faqat pul ishlashmi?

Bu kitobdan tashqari, bolalarimiz tarbiyasiga daxldor bo‘lgan ertak kitoblarda ham ko‘plab xatoliklarga yo‘l qo‘yilayotganiga guvoh bo‘layapmiz. Nashriyotini qidirib topsangiz, buyuk yozuvchilarimizning nomi bilan atalganini ko‘rasiz. Buyuklar ruhi hurmati muharrirlarimiz e’tiborliroq bo‘lishlari kerak-da!

Yaqinda bir ertak kitobni qo‘lga oldim, dizayni chiroyli, rangdor. Ammo ichini varaqlasam yozuvlar, hatto, suratlarning "oyog‘i osmonda". Achinarlisi, bunday kitoblarni kitob magazinlari, kutubxonalar qabul qilishayotir. Yosh avlodni qayoqqa boshlayapmiz? Ma’naviyatimiz taqdirini kimlarga ishonayapmiz?

Bunday ishlarni nazoratsiz qoldirib bo‘ladimi? Badiiy kengashlar, maxsus komissiyalar nima vazifa bajarishyapti, hayronman! Avvallari har bir kitob obdon nazorat qilinib, imlo va uslubiy xatolari tuzatilib, keyin nashrga ruxsat berilardi. Bugun-chi?

Gulruh YuSUPOVA,

"E’zoz" assotsiatsiyasi rahbari.