Davlat tilining qo‘llanilishiga qarama-qarshiliklarga qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini qo‘llash tavsiya etiladi
Reklama faoliyatini tartibga soluvchi O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 1998 yilda qabul qilingan. O‘tgan vaqt davomida unga 14 marotaba o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bundan tashqari, mazkur faoliyatni bevosita tartibga soluvchi 6 ta qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Qonunning “Reklamaning tili”, deb nomlanuvchi 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra, boshqa tillarda tarqatiladi. Belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan tovar belgilari (xizmat ko‘rsatish belgilari), bosma usulda terilgan bo‘g‘inli belgilar (logotiplar) asli qaysi tilda bo‘lsa, shu tilda keltirilishi mumkin”ligi belgilangan va 13-moddasida “Reklamani noto‘g‘ri” deb topish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi yoki uning hududiy organlari (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi, deb yuritiladi) qabul qiladi”, deya qayd etilgan.
Joriy yilning 4 iyulida xalq deputatlari Samarqand shahar Kengashining navbatdagi 8-sessiyasida “Samarqand shahridagi jamoat joylari, ommaviy axborot hamda reklama vositalarida o‘zbek tili me’yor va qoidalariga amal qilish holati to‘g‘risida”gi masala ko‘rib chiqildi.
Unda:
- korxona, muassasa va tashkilotlarga tegishli tashqi yozuv va reklamalar Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi shahar bo‘limining tavsiyasiga asosan amalga oshirish;
- reklama matnini o‘zbek tilida aks ettirish, zarur bo‘lganda, o‘zbek tilidagi matn ostiga chet tilidagi matnini yozish;
- tashqi reklama faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxona va tashkilotlarda faoliyat yurituvchi xodimlarning imloviy savodxonligini oshirish hamda ishga qabul qilishda tegishli imtihondan o‘tkazishga e’tibor qaratish;
- davlat idoralarida, xususan, hujjatlarni rasmiylashtirish, hodimlarning o‘zaro o‘zbek tilida suhbatlashish yoki davlat tilining qo‘llanilishiga qarama-qarshiliklarga qonunchilikda belgilangan tartibda jazo choralarini qo‘llash tavsiya etish belgilandi.
Shuningdek, tashqi yozuvlar, reklama va bannerlar tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxona va tashkilot rahbarlari zimmasiga “Reklama to‘g‘risida”gi, “Davlat tili to‘g‘risida”gi, “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, “Bolalar va ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, o‘zbek tili me’yor va qoidalariga amal qilinishi yuzasidan nazorat olib borish mas’uliyati yuklatildi.
Ayni vaqtda Samarqand shahar ko‘chalaridagi reklama yozuvlari qonunchilikka qanchalik javob berishi borasida monitoring olib borilmoqda va reklamadan foydalanuvchilarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish borasida tegishli tushunchalar berilmoqda.
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi.