Ogoh bo‘ling, Uzcardning soxta veb-sayti aniqlandi!

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan internet monitoringi davomida, internet-firibgarlari tomonidan o‘zlarining jinoiy maqsadlarini amalga oshirishlari uchun "Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi" (Uzcard)ning soxta veb-sayti (havolasi: https://uz-investt.space) faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bergan.

Mazkur «feyk» veb-sayt orqali “UzCard Investment” loyihasi doirasida milliy bank xizmatlarining faol foydalanuvchilariga bir martalik 994 ming 558 so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lanishi, buning uchun foydalanuvchilarning shaxsiga oid va bank plastik kartasi ma’lumotlari, telefon raqamini hamda sms tariqasida kelgan tasdiqlash kodini kiritishlari talab etiladi.

Natijada, katta mablag‘ga ega bo‘lish istagida bo‘lgan foydalanuvchi tasdiqlash kodini «feyk» resursga kiritishi bilan internet-firibgar tomonidan bank plastik kartasini boshqarish huquqini qo‘lga kiritilishiga va undagi mablag‘larni noqonuniy ravishda egallanishiga shart-sharoit yaratadi.

Shu sababli, barcha internet foydalanuvchilarini, ayniqsa Uzcard to‘lov tizimi mijozlarini mazkur «feyk» veb-saytning noqonuniy faoliyati to‘g‘risida ogoh bo‘lishlari, to‘lov tizimlaridan foydalanayotganlarida esa, ularning rasmiy veb-saytlarida taqdim etilgan xizmatlarga murojaat etishlari so‘ralmoqda.