Oila - “ayol” so‘zidan olingan

Oilaning muqaddasligi shu dargohda inson nasl-nasabining davomchilari dunyoga kelishidir. Oila - “ayol” so‘zidan olingan bo‘lib, oila deganda ayol tushuniladi. Demak, ayol muqaddas hisoblanar ekan.

Muqaddas dinimizda ayollarning alohida o‘rni bor. Jamiyat ularning haq-huquqlarini tikladi. Islomdan oldin nafaqat johiliyat arablarida, balki butun yer yuzida ayol zoti xo‘rlanayotgan edi. Bunga tarix guvoh. Ayol kishini inson sifatida tan olishmasdi. Johiliyat arablari hatto o‘zlarining qizlaridan ham nafratlanishgan. Bu haqda Alloh taolo bunday xabar bergan:

“Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir” (“Nahl” surasi, 58, 59-oyatlar).

Afsuski, bugungi zamonamizda ham, jaholat qoldiqlaridan ba’zi holatlarni ko‘rib, nahotki, shunchalikka borishadimi, deb istig‘for aytishdan nariga o‘tmaysiz.

Samarqand shahrida yuz bergan voqea butun O‘zbekiston xalqini tinchini buzdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ayolning eri tomonidan shafqatsizlarcha kaltaklanishi ayolning oiladagi o‘rnini bilmaslikdan boshqa narsa emas. Kishining yaxshi yoki yomon ekanini bilish uchun dinimizda bir qoida bor. Payg‘ambarimiz muborak hadislarida: “Sizlarning yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshi munosabatda bo‘lganingizdir”, deb marhamat qiladilar. Oila rahbari erkakning zimmasiga ahli-ayolini moddiy va ma’naviy tomonlardan o‘z himoyasiga olishi vazifa qilib belgilangan. Shunday ekan, er kishilar bu masalada e’tiborli bo‘lishlari juda zarur.

Ijtmoiy tarmoqlarda tarqalgan, qalbni og‘ritadigan mazkur holatni sodir etgan erkak kishining xatti-harakati musulmon kishining qiladigan ishi emasligini aytib o‘tamiz. Tezroq tavbaga shoshilishini maslahat beramiz. Aks holda Allohning g‘azabi qattiqdir.

Zayniddin EShONQULOV,

Samarqand viloyati bosh imom-xatibi.