Olis hududlarda ham madaniy faoliyat rivojlanadi

Milliy madaniyatimizni rivojlantirish, xalqimizning madaniy dam olishini tashkil etish, milliy merosimizni asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator qonunosti hujjatlari qabul qilingan.
Keyingi yillarda madaniyat sohasida bo‘layotgan o‘zgarishlar, madaniy markazlar hamda bolalar musiqa va san’at maktablari faoliyatining takomillashtirilishi, teatr, sirk, unutilib ketayotgan qadriyatlarimiz, baxshichilik va maqom san’atining qayta tiklanishi, ularni rivojlantirish borasida qabul qilingan 30 ga yaqin qaror va farmonlar bu sohaning taraqqiy etishiga, tartibga solishga xizmat qilib kelmoqda.
2021 yil 21 yanvarda «Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi madaniy faoliyatni har tomonlama tartibga solishda muhim hujjat bo‘ldi. Mazkur qonun madaniyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bilan birga madaniyat va san’at muassasalari, ijodiy uyushma va birlashmalarning huquqiy maqomi, ijodkorlarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan yagona huquqiy baza yaratilishiga zamin yaratdi.
Qonun 8 bob, 53 moddadan iborat. Undagi har bir modda madaniy faoliyatning barcha qismini qamrab olgan. Jumladan, 1-bobda qonunning maqsadi, asosiy prinsiplari, shu bilan birga ijodkor, ijodiy jamoa, ijodiy faoliyat, madaniy tadbirlar, madaniy tadbir tashkilotchisi, madaniyat xodimi kabi asosiy tushunchalarga ta’rif berilgan bo‘lsa, 2-bobida madaniy faoliyat sohasini tartibga solish borasida moddalar belgilangan. Ushbu bobda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Vazirlar Mahkamasi, Madaniyat vazirligi, «O‘zbekkino» milliy agentligi hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari madaniy faoliyat sohasidagi davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi organlar sifatida ko‘rsatilib, ularning vakolatlari belgilangan.
E’tiborlisi, qonunning 3-bobida madaniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarning huquq va majburiyatlari belgilandi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari madaniyat yutuqlaridan foydalanish va jamiyatning madaniy faoliyatida ishtirok etish, ijodiy jamoalar tarkibida yoki mustaqil ravishda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish, o‘z mulkida bo‘lgan madaniy boyliklarga qonunchilikda belgilangan tartibda egalik qilish, O‘zbekiston xalqining milliy madaniyatini, an’analarini, tilini hurmat qilish kabi bir qator huquq va majburiyatlari belgilandi. Shu bilan birga chet el fuqarolarining hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning madaniy faoliyat sohasidagi huquq va majburiyatlari 15-moddada o‘z aksini topdi.
Ushbu bobda har bir shaxs madaniy faoliyat sohasida mulk huquqiga ega degan tushuncha kiritilgani ayni muddao bo‘ldi.
Shuningdek, qonunda madaniy-ommaviy tadbirlar, konsert va tomosha faoliyati, ijodiy jamoalar va ijrochilarning gastrol faoliyati, ijodiy buyurtma, xalq ijodiyoti, xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’ati, O‘zbekiston xalq o‘yinlari kabi moddalar 4-bobdan o‘rin olib, ularning har biri faoliyati bo‘yicha ta’rif berilib, ularni tashkil etish, ruxsatnomalar olish bo‘yicha tartib belgilangan. Bu ham ularning faoliyatini tashkil etishda muhim qoidalardan biridir.
Shuningdek, qonunda madaniyat markazlari, milliy madaniy markazlar, teatr, sirk, konsert tashkilotlarining har biriga ta’rif berilib, ularning bir-biridan farqi, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hamda vazifalari, madaniy faoliyatda, shu jumladan, repertuar tanlashda mustaqil ekani ko‘rsatib o‘tilgan.
Madaniyat xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va ularni rag‘batlantirish, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlariga «Milliy» yoki «Akademik» maqomini berilishi ham yangilik bo‘ldi.
Ushbu qonunning yana bir bobi chekka qishloqlarda yashovchi odamlarni alohida quvontirgan bo‘lsa ajab emas. Aynan olis hududlarda madaniyatni rivojlantirish moddasi bilan olis va borish qiyin bo‘lgan joylarda madaniyatni rivojlantirish, madaniyat tashkilotlarining faoliyatini yo‘lga qo‘yish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, aholining estetik ehtiyojlarini qanoatlantirish va aholiga ko‘rsatilayotgan madaniy xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlarga davlat tomonidan ustuvor ahamiyat qaratilishi belgilab berildi.
Mazkur qonunning qabul qilinishi madaniyat sohasidagi munosabatlarni huquqiy tartibga solish samaradorligini oshirish, sohani tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlaridagi mavjud qarama-qarshiliklar va nomuvofiqliklarni bartaraf etish hamda sohadagi huquqiy bo‘shliqni to‘ldirishga xizmat qiladi.
Xo‘jaqul Muhammadiyev,
Samarqand viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i.