Olti oyda respublika miqyosida 45 630 ta jinoyat sodir etilgan

Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisida Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilning 6 oyida respublika miqyosida sodir etilgan umumiy jinoyatlar soni 45 630 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 132 tadan to‘g‘ri kelgan. O‘tgan yilga nisbatan 111,9 foizga ortgan.

Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahriga 383,3 tadan, Farg‘ona viloyatiga 223,4 tadan, Toshkent viloyatiga 168,4 tadan, Sirdaryo viloyatiga 151,4 tadan to‘g‘ri kelib, respublika miqyosida salbiy ko‘rsatkich qayd etilgan.

Oldi olinishi mumkin bo‘lgan 217 ta qotillik, 4 137 ta tan jarohati yetkazish, 135 ta bosqinchilik, 1 100 ta bezorilik, 7 618 ta o‘g‘rilik, 9 439 ta firibgarlik jinoyati sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.

Bundan tashqari, 6 mingga yaqin (5 837 nafar), ayniqsa, Andijon (1130), Toshkent (709), Farg‘ona (602) viloyatlari va Toshkent shahrida (595) ishsizlar tomonidan jinoyatlar sodir etilib, joylarda aholining bandligini ta’minlash ishlari samarasiz tashkil etilganligidan dalolat beradi.

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda.

Jumladan, 2021 yil 6 oyida oilaviy munosabatlar doirasida sodir etilgan jinoyatlarning 77 tasi qotillik, 798 tasi tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 9 575 ta oila-turmush munosabatlari doirasidagi huquqbuzarliklar sodir etilib, ularning aksariyati, ya’ni 70 foizi Toshkent shahar, Toshkent, Farg‘ona, Qashqadaryo, Andijon viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi oqibatida 2021 yilning birinchi yarim yilligida 3 236 nafar xotin-qiz tomonidan 1 163 ta  jinoyat sodir etilgan.