Po‘lat Bobojonov: Oilalardagi notinchlik oqibatida og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda

Oilalardagi notinchlik, nizolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi mahalla faollari va keng jamoatchilikning e’tiboridan chetda qolganligi oqibatida o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilmoqda. Bu haqda 19 mart kuni Senatning yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi doirasida Ichki ishlar vaziri P.Bobojonov o‘zining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha axborotida aytib o‘tdi.

2021 yilda sodir etilgan jinoyatlar umumiy soni 84 100 tani tashkil etib, har 100 ming aholiga o‘rtacha 321,4 tadan to‘g‘ri kelgan.

Jumladan, 2021 yilda qotillik jinoyatlarining har uchinchisi yoki 158 tasi (37,1 foizi), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 190 tasi (14,4 foizi) oilaviy muammolar tufayli sodir etilgan.

Shu bilan birga, oilaviy nizolarga o‘z vaqtida barham berilmaganligi oqibatida 14 935 ta huquqbuzarlik sodir etilgan. Ularning qariyb 60 foizi (8 589 tasi) Toshkent shahri, Toshkent, Buxoro, Samarqand va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi. 

Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan ayollarning muammolari to‘liq hal etilmasdan kelinayotganligi tufayli 2021 yilda 9 759 nafar xotin-qiz tomonidan 9 053 ta jinoyat sodir etilgan.

Oila-turmush munosabatlari doirasida tazyiqqa uchragan xotin-qizlarning 39 343 nafariga himoya orderi berilgan.