Senatorlar aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qonunlarni ma’qulladi

Senatning qirq oltinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyotda sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va aholi salomatligini saqlash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga «Insonning sha’ni va qadr-qimmati uchun» tamoyili asosida aholi salomatligini ta’minlash maqsadida kontrafakt va sifatsiz tovarlarni ishlab chiqarish hamda ularning muomalaga kiritilishiga barham berish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish zaruriyati yuzaga kelmoqda.

Ushbu Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga iste’molchilarning hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarganlik, saqlaganlik, tashiganlik, o‘tkazganlik, ishlar bajarganlik yoki xizmatlar ko‘rsatganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarganlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashga taalluqli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shu bilan birga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi sanitariya to‘g‘risidagi qonunchilikni va veterinariya qoidalarini buzganlik, o‘zganing tovar belgisidan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishiga, shuningdek hayvonlarning yuqumli kasalliklari o‘choqlari aniqlanganda karantin qoidalarini, veterinariya dori vositalari va ozuqabop qo‘shimchalarning xavfsizligi normalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishiga qaratilgan o‘zgartirishlar bilan to‘ldirildi.

Bundan tashqari, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga ham bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, shaxsning muayyan faoliyat turi bilan shug‘ullanishi uchun sudning taqiqi mavjud bo‘lganda litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat berishni rad etish uchun asoslar kengaytirilmoqda.

Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni bekor qilish yoki xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatlarni) sud tomonidan tugatish uchun asos bo‘ladigan bir martalik qo‘pol qoidabuzarlik aniqlashtirilmoqda.

Qolaversa, vakolatli organlarga litsenziya, ruxsat berish va xabardor qilish talablari hamda shartlariga rioya etilishiga oid tekshiruvlarni Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda o‘tkazish huquqi berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni himoya qilish maqsadida Fuqarolik kodeksiga geografik ko‘rsatkichlar ham intellektual mulk ob’yektlari hisoblanishi to‘g‘risidagi norma qo‘shilmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi fuqarolar sog‘ligini saqlashga, ishlab chiqaruvchilarning manfaatlarini, iste’molchilarning huquqlarini hamda intellektual mulkni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.