"Omicron" shtammi tarqalishi natijasida "tez yordam"ga qo‘ng‘iroqlar soni keskin ortgani aytilmoqda
Koronavirusning "Omicron" shtammi mamlakatimizga kirib kelishi bilan “tez yordam” xizmatiga murojaatlar ko‘payib bormoqda, deb xabar berdi Sog‘likni saqalash vazirligi matbuot xizmati.
Masalan, Toshkent shahar “103” xizmatiga 12 yanvarda 4888 ta murojaat kelib tushdi.
“103” xizmatiga chaqiriqlar soni ortgani va ish yuklamasi ko‘payib borayotgani sababli shu qo‘shimcha tarzda 40 ta zamonaviy jihozlangan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchilari bilan birga xizmat tasarrufiga biriktirib berildi.
Bundan tashqari, Call-markaz ish samaradorligini oshirish uchun 30 ta yangi operator o‘rni yaratildi.
Tez yordam brigadalarining tezkorligi va samaradorligini oshirish maqsadida ular qo‘shimcha 100 dona planshet bilan ham ta’minlanadi.
Shuningdek, brigadalar uchun bugun ertalabdan zarur miqdorda koronavirusga qarshi dori-darmonlar bo‘lgan “Covid-box”lar ajratiladigan bo‘ldi.
Koronavirus infeksiyasi aniqlangan, biroq xastalik klinik belgilarsiz yoki yengil shaklda kechayotgan bemorlar salomatligini nazorat qilish, ularga ambulator va uyiga borgan holda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Toshkent shahrining 12 ta tumanida 1 tadan maxsus COVID poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Bundan tashqari, koronavirus kasalligi bo‘yicha murojaatlar bilan samarali ishlash maqsadida poytaxtdagi 12 ta ko‘p tarmoqli va 66 ta oilaviy poliklinikalarda maxsus mobil brigadalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yildi.