JSST eksperti: “Omikron”dan so‘ng yanada xavfliroq mutatsiya paydo bo‘lishi mumkin
Pandemiyaning qachon tugashi haqida oldindan aniq gap aytish qiyin. Faqat taxmin va bashoratlar bor, xolos. JSST Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyugening prognozi ham shulardan biri.
U “omikron” shtammidan so‘ng koronavirus pandemiyasi tugashi ehtimolini inkor qilmaydi. Masalan, Yevropada aholining katta qatlami bu infeksiya bilan kasallangach, ommaviy immunitet hosil bo‘ladi. Qolaversa, emlanish ko‘rsatkichlari oshishi ham vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.
“Ammo bu virus bizni bir necha bor hayratda qoldirganini ham unutmaylik, - deydi Klyuge. - Shu sababli ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishimiz shart”.
Tashkilot eksperti Mariya van Kerxovening xulosalari esa xavotirli. U “omikron” hozirgidek tez sur’atda tarqalishda davom etsa, u shunchalik ko‘p mutatsiyaga uchrab, yanada yuqumliroq shtammlar paydo bo‘lishi mumkin, degan fikrda.
“Omikron” biz eshitadigan so‘nggi variant bo‘lmaydi va kelajakda xavotirli mutatsiyalar paydo bo‘lish ehtimoli real”, deydi ekspert.
Avvalroq Rossiyaning N.F.Gamaleya nomidagi Milliy epidemiologiya va mikrobiologiya ilmiy-tadqiqot markazi direktori Aleksandr Ginsburg ham “omikron” tufayli yanada xavfliroq mutatsiya shakllanishi mumkin, degan prognozni ma’lum qilgan edi.
AQShlik olimlar esa vaksina olish muhimligi, biroq buster dozada emlanmasdan “omikron” shtamiga qarshi kurashish kutilgan samarani bermasligini ta’kidladi. Mamlakatda o‘tkazilgan uchta yirik tadqiqot natijasi ushbu xulosaga asos bo‘ldi.
Shuningdek, rossiyalik infeksionist Yevgeniy Timakov yangi variant bilan kasallanishning asosiy belgilari haqida ma’lum qildi. Unga ko‘ra, agar odamda darhol burun oqishi, bosh og‘rig‘i, tomoq og‘rig‘i, ovozda xirillash kuzatilsa, bu uning deyarli 100 foiz «omikron»ga chalinganidan dalolat beradi.
Mutaxassis, shuningdek, yangi shtamm holsizlik, uyqu buzilishi, isitma, qorin og‘rig‘i va oshqozon-ichak tizimidagi buzilishlar bilan birga kechishini ham qayd etdi.