Samarqandda «Omikron» yo‘q, ammo koronavirusning boshqa turlari ko‘paymoqda
O‘tgan yili qish oylarida koronavirus ancha chekingan bo‘lsa, bu yil, afsuski, qish oylarida ham xastalik batamom yo‘qolib ketmadi. Aksincha, yanvar oyiga kelib, yana ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu haqda viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Ochilov hamda sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Suhrob Zayniyev jurnalistlarga ma’lum qildi.
Ochilovga ko‘ra, Samarqand shahridagi «Vatanparvar» mahallasida joylashgan kovidni davolashga mo‘ljallangan maxsus shifoxonada ayni vaqtda 150 dan ortiq kishi davolanmoqda. Vaholanki, dekabr oyida kasallanish qariyb yo‘qolayozgandi. O‘zida koronavirus xastaligi alomatlarini sezgan fuqarolar avvalo oilaviy shifokoriga, shuningdek, harorat va boshqa belgilar namoyon bo‘lganda tez tibbiy yordam shoxobchalariga murojaat qilishlari mumkinligi aytildi.
Suhrob Zayniyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:
“Samarqandda «Omikron» yo‘q, ammo koronavirusning boshqa turlari yuqorida aytilganidek ko‘paymoqda. Ayni vaqtda viloyatda koronavirus xastaligi bilan chalingan bemorlarga tarqatish uchun viloyat cog‘liqni saqlash boshqarmasi zaxirasida 49 turdagi 948 million so‘mlik dori vositalari va 38 986 ta “Covid-box” aptechkalar zaxirasi mavjud. Virus borligini tekshirish uchun hududlardagi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlarida, shuningdek, qo‘shimcha tarzda Samarqand shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy va 4, 12, 2-oilaviy poliklinikalarda ham koronavirusni aniqlash uchun imkoniyat mavjud. Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, aholi kasallik alomatlarini sezganda o‘zboshimchalik bilan davolanib, vrach nazoratisiz turli ukol-dorilarni qabul qilishdan tiyilishlari lozim".
Homiladorlar o‘rtasida ham koronavirus xastaligi aniqlanishi ko‘payayotgani uchun Samarqand shahridagi 3-son tug‘ruq majmuasi shu kunlarda aynan virusga chalingan homilador ayollarni qabul qilish uchun mo‘ljallangan tibbiy muassasasiga aylantiriladi.