Onalik va bolalikni muhofaza qilish jamiyat farovonligining asosi sanaladi

Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlat muassasasi Samarqand filialida o‘tkazilgan uchrashuvda mazkur yo‘nalishdagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish har qanday davlatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda ham bu borada muhim islohotlar amalga oshirilib, onalar va chaqaloqlar salomatligini yaxshilash, ularning hayot sifati va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh akusher-ginekologi, professor Lola Abdullayeva, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining bir qator professor-o‘qituvchilari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan davlat dasturlarining asosiy maqsadlari haqida tushunchalar berildi.

Jumladan, viloyatda perinatal va neonatal yordamni rivojlantirish ishlarini takomillashtirish talab etiladi. Bu borada, hududlarda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan perinatal markazlarini zamonaviy uskunalar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash orqali viloyatda onalar va chaqaloqlar o‘limi darajasini pasaytirish, ayollar salomatligini nazorat qilish uchun “Onalar sog‘lig‘ini muhofaza qilish milliy dasturi” doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasini kengaytirish, kadrlar salohiyatini oshirish, hududiy va markaziy tibbiyot muassasalarida xizmat qilayotgan shifokorlar uchun maxsus malaka oshirish kurslari hamda viloyat va tuman darajasidagi tibbiyot muassasalari o‘rtasida telemeditsina hamkorligini rivojlantirish, hududlarda ayollar konsultatsiyasi va patronaj xizmati samaradorligini va aholi orasida tibbiy madaniyatni oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur.

Ushbu islohotlar jamiyatimizning har bir a’zosi uchun sog‘lom va farovon hayot yaratish yo‘lida muhim qadamdir.