Oqdaryo tuman hokimi to‘yga bosh bo‘ldi

2019 yil 24 aprel kuni Oqdaryo tumani hokimi Feruz Abilov tashabbusi bilan  Loyish shaharchasidagi “Bek” bazmgohida tumanimizdagi uch nafar kelin kuyovlarning nikoh va yigirma yetti nafar jajji bolajonlarning xatna to‘ylari bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Gavhar Alimova ishtirok etib, yangi oila ostonasiga qadam qo‘yayotgan kelin-kuyovlarga ya’ni, “Bozorjoy” mahallasidan Jamoliddin Saidov, Iroda Qilicheva, “Galaravot” mahallasidan Otabek Turdiqulov, Sharofat Sharipova va Abdullo Mardiyev, Munisa O‘roqovalarga nikoh guvohnomalarini topshirib, ularga oilaviy baxt tiladilar.

Yosh kelin kuyovlarga tuman hokimi tomonidan tuyona sifatida televizor, uy va oshxona jihozlari, maishiy texnika buyumlari sovg‘a qilindi, ularning nomiga omonat daftarchasi ochilib, hisoblariga mablag‘ tushirildi. Shundan so‘ng tuman hokimi va homiy tashkilotlar tomonidan xatna to‘yi bo‘layotgan jajji bolajonlarga to‘y choponchalari kiydirildi hamda sovg‘a-salomlar ulashildi.

Taniqli san’atkorlarning kuy-qo‘shiqlari to‘y ishtirokchilarining qalbiga zavq-shavq bag‘ishladi. To‘yda ishtirok etganlar yuzida zamonaga shukronalik hissi barq urdi. To‘y bolalarning ota-onalari ushbu tadbirni tashkillashtirgan tuman rahbariga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar.