To‘ydan oldin “bar” nega kerak?
Keyingi yillarda kelin-kuyovlarning shahar bo‘ylab sayrdan so‘ng albatta, restoran-barlarga kirib, o‘yin-kulgi qilishi odatga aylanib qoldi.
Yaqinda jiyanlarimdan biri uylandi. To‘y kuni mendan kelin-kuyovlarga bosh bo‘lib, Samarqand shahriga sayr uyushtirish, suratga tushish hamda FHDYoga borib, nikohni rasmiylashtirishga yordam berishimni so‘rashdi. Kelin-kuyov va ularning yaqinlari, do‘stlari yo‘lga tushdik. Sayohat yaxshi bo‘ldi. Yoshlar esdalik uchun suratlarga tushishdi, "Motamsaro ona" haykali poyiga guldastalar qo‘yishdi.
Shahardan qaytayotganimizda kuyovjo‘ralaridan biri “Endi barga kiramiz, zakaz qilingan”, dedi. Men hayron bo‘ldim, “Yana ikki soatdan so‘ng to‘y boshlanadi-ku, tezroq bormasak, yaxshi bo‘lmas, qolaversa, barning pulini kim to‘laydi?”, deya e’tiroz birdirdim. Kuyov jiyanim bo‘lsa, “Tog‘a, bormasak bo‘lmaydi, men ham hammasining “bar”iga borganman, pulini o‘zlari to‘laydi”, dedi.
To‘g‘risi, shu paytgacha, kelin-kuyovlarning “bar”iga bormagan ekanman. Tuman markazidagi restoranlardan birining yerto‘lasida joylashgan qop-qorong‘u barda kelin-kuyov uchun joy tayyorlangan. Stol usti aroq va shampan vinosi, turli ichimliklar, tort va boshqa yeguliklar bilan to‘la. Musiqa quloqni yorar darajada yangramoqda. Yonimda turgan haydovchining gapirgan ovozini eshitib bo‘lmaydi. Yoshlar devor bo‘ylab qator tizilib olganicha, musiqaga mos ohangda qimirlab turishibdi. Navbat bilan kelin-kuyovning oldiga borib, yigitlar aroq va pivo, qizlar esa shampan vinosidan ichib kelmoqda. Sho‘x musiqa yangradi, talato‘p bo‘lib, hamma “jazava”ga tushib ketdi. Barning ichi changib, odam ko‘rinmay qoldi. Bir vaqt o‘yin tugab, chang bosilgach, og‘ir musiqa qo‘yildi va kelin-kuyov valsga tusha boshladi. Kuyovjo‘ralari ham bir chetda qimtinib turgan qizlarning yoniga borib, raqsga taklif qila boshladi. Bir pastda juftliklar soni ko‘payib ketdi.
Yana bir necha marta jazavali raqslardan so‘ng “bar” tugadi. Jo‘ralar pul yig‘ib berishdi, lekin barning egasi ko‘rsatgan xizmati haqi 3,5 million so‘m bo‘lishini, hozir to‘lashmasa, bu yerdan hech kim chiqib ketmasligini aytdi. Kuyov ham cho‘ntagidagi bor pulini chiqarib to‘ladi.
Shunday qilib, mast-alast bir guruh yoshlar bilan to‘yxonaga kechikib kirib bordik.
To‘ychi uyida to‘y qilib, yana to‘yxonada yuzlab kishilarga dasturxon yozsa, kamiga barga nima bor ekan? Yoki bitta to‘yga qancha xarajat ketishini bilmaymizmi? Yoshlar to‘yxonaning o‘zida ham o‘yin-kulgi qilsa bo‘ladi-ku? Bunaqasi bizning odatlarimizda yo‘q edi-ku.
Dilmurod TO‘XTAYeV.