Oqdaryo tumanida YTHga uchragan yo‘lovchi avtobusi bo‘yicha ma’lumot berildi
Bugun, 22 noyabr kuni soat 11:50 lar atrofida Oqdaryo tumani "Mulla kichkina" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidan o‘tuvchi "M-37" avtomobil yo‘lining 30-kilometrida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Buxoro viloyatiga tegishli bo‘lgan "Yutong" rusumli transport vositasi “Buxoro-Toshkent” yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotib tezlikni me’yoridan oshirgan. Yo‘lda yomg‘ir yoqqani, yo‘lning sirpanchiqligini inobatga olmaganligi sababli rul boshqaruvini yo‘qotib, yo‘lni ikkiga ajratib turuvchi beton to‘siqqa borib urilib, o‘ng tarafga ag‘darilishi oqibatida yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
YTH oqibatida avtobusda bo‘lgan bir nafar yo‘lovchi halok bo‘lgan. 17 nafar fuqaroga birinchi yordam ko‘rsatilib, uylariga javob berib yuborilgan.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.