Oqdaryo va Qoradaryo bo‘ylarida nima qurilyapti?
Yaqin orada Qoradaryo bo‘yidan o‘tgan bo‘lsangiz, daryo qirg‘og‘ida bir qator maxsus texnikalar ishlayotganiga ko‘zingiz tushgan, albatta. Daryoning Samarqand va Oqdaryo tumanlari o‘rtasida joylashgan ko‘prikning ikki tomonida daryo yoqalarida beton devor tikka qilinmoqda.
Bosh vazirning o‘tgan yil 29 dekabrdagi viloyatda amalga oshirilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlarini jadallashtirish yuzasidan o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishi bayonida mazkur ob’yektning obodonlashtirish ishlari ta’kidlangan edi.
Qurilishning loyihasi “Sigma Toshkent” MChJ O‘zbekiston-Turkiya qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, buyurtmachi viloyat hokimligi injiniring kompaniyasi va pudratchi “Samarqand maxsus suv pudrat” MChJ o‘rtasida qariyb 115 milliard 481 million so‘mlik shartnoma imzolangan.
Bugungi kunda “Samarqand maxsus suv pudrat”, "Invest stroy Qoraqalpoq" va "Agromir Buildings" MChJ tashkilotlari tomonidan Qoradaryo va Oqdaryo daryolarining o‘ng va chap qirg‘oqlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, har ikki daryoning 1,5 kilometrdan qirg‘oqlari landshaft dizayn asosida zamonaviy qurilish vositalari bilan mustahkamlanyapti. Shuncha masofada piyodalar va veloyo‘laklar qurilmoqda. Daryolarda ham suv yo‘liga 3 tadan sun’iy to‘siqlar qurilib, damba yaratilyapti.
Shuningdek, qirg‘oqqa xavfsizlik talablariga asosan temir panjaralar o‘rnatilyapti. Yil yakunigacha mazkur ob’yektlar foydalanishga topishirilgach, Samarqand shahri mehmonlari va sayyohlarning, qolaversa, aholining qirg‘oq bo‘yida dam olishi uchun qulay sharoit yaratiladi.
Dilmurod To‘xtayev,
Husan Eltoyev (foto).