Oqdaryoda 12 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz kredit olingani aniqlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplayens-nazorati tuzilmalari bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganligi natijasida, bank mablag‘larining talon-toroj qilinishi bo‘yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o‘z vaqtida qonuniy choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Oqdaryo tumanida tadbirkor va fuqarolarning murojaatiga asosan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro N.S. 4 ta MChJ rahbarlari bilan o‘zaro til biriktirib, bank muassasasidan 12 nafar fuqaroning nomiga ularning xabardorligisiz 275,6 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirishga erishib, ushbu kredit mablag‘ini belgilangan maqsadda foydalanmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.

Xabarda aynan qaysi bankdan kredit olingani ma’lum qilinmagan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.