Oqdaryoliklar bu yil qishda elektrsiz qolmaydimi?
“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Samarqand hududiy filiali tomonidan Oqdaryo tumani elektr ta’minoti tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarni o‘rganish maqsadida tashkil etilgan press-turda bosh savol shunday bo‘ldi.
— Buning uchun imkoniyatimiz darajasida barcha choralarni ko‘rdik, - deydi tuman elektr ta’minoti korxonasi rahbari Shavkat Xo‘janov. – Xususan, joriy kuz-qish mavsumiga hozirlik ko‘rish bo‘yicha belgilangan barcha tadbirlar nihoyasiga yetkazildi. Jarayonda 172 ta transformator punkti joriy va mukammal ta’mirlanib, 344 kilometr elektr uzatish simlari tortildi. Rejadan tashqari, 5 ta manzilga yangi transformator punktlari o‘rnatildi hamda 10 kilometr tarmoq tortildi. Tizimdagi avariya holatlarini tezkor bartaraf etish uchun 4 ta navbatchi brigada hamda 2 ta kunduzgi brigada tashkil etilgan. Shuni aniq aytishim mumkinki, joriy yilgi kuz-qish mavsumiga har doimgidan ham yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rildi. Viloyat hokimligi tomonidan barcha zarur texnika va vositalar berilgan. Nasib bo‘lsa, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi.
Jurnalistlar dastlab Loyish shaharchasidagi "Loyish" nimstansiyasi faoliyati bilan tanishtirildi. Ma’lumotga ko‘ra, joriy yil undagi ikkita 16 ming kWlik transformatordan biri 25 ming kWligiga almashtirilgan. Natijada este’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi kuchlanishi yaxshilangan.
— Uyimizdagi chiroqlarni yoqsak, shamchiroq kabi zaif yonardi, - deydi Zarafshon mahallasida istiqomat qiluvchi Xolbuvi aya. – Hozir binoyidek yonyapti. O‘chishlar kamaygan. Ilgari “tok” kamligi uchun ishlamagan qurilmalarimiz ham ishlab ketdi.
Mavsumoldi tadbirlari rejasiga muvofiq, mazkur mahalladagi 100 ta xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlab kelayotgan transformator ham mukammal ta’mirlanib, 2 kilometr elektr uzatish simlari daraxt shoxlaridan tozalanibdi.
Yana bir manzil - tumanning Avazali mahallasida 70 ta xo‘jalik uchun yangi transformator punkti qurilgan. Shuningdek, hududda 40 ta temir-beton ustun o‘rnatilib, 1600 metr elektr uzatish kabeli tortilgan. Aholi bilan muloqotimizda ular rekonstruksiya ishlaridan so‘ng elektr energiyasi ta’minoti hamda sifati yaxshilanganligini ta’kidlashdi.
Press-tur doirasida tumanning eng olis hududi hisoblangan Yangiqo‘rg‘on mahallasidagi Boybo‘ta qishlog‘ida ham bo‘ldik. Hudud mas’uli Sherzod Primovga ko‘ra, qishloqqa 152 ta temir-beton ustun olib kelinib, hozirgacha 85 tasi o‘rnatilgan hamda 3 kilometr elektr uzatish kabeli tortilgan. Jurnalistlar unda bevosita 160 kWlik yangi transformator va temir-beton ustunlarning o‘rnatilishi jarayonini kuzatib, o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob olishdi.
Asqar Barotov.