Qo‘shrabotda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanyapti, ammo shifo maskanlarida oliy ma’lumotli vrachlarga ehtiyoj bor
Chyekka hududlarda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun oilaviy poliklinika va shifokorlik punktlari zamon talablari asosida jihozlangan, zamonaviy tibbiyot uskunalari hamda zarur dori-darmon vositalari bilan ta’minlanib, malakali shifokorlar jalb qilingan bo‘lishi kerak. Xo‘sh, viloyatning olis tumanlaridan biri – Qo‘shrabotda bunday sharoitlar yaratilganmi?
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan tumanda tashkil etilgan press-turda jurnalist va blogerlar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.
Dastlab tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyev 2022-2023 yillarda sohada amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi. U.Shamsiyevning ta’kidlashicha, tumanda bitta markaziy shifoxona, bitta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va uning Jo‘sh filiali, 2 ta oilaviy poliklinika, 12 ta oilaviy shifokorlik punkti bo‘lib, mahallalarda 21 ta tibbiyot konteynerlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Keyingi yillarda tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli Jonbuloq oilaviy shifokorlik punkti "Obod qishloq" dasturi asosida 800 million so‘m mablag‘ evaziga kapital ta’mirlandi. Toz, Oqchopsoy va Oqmachit oilaviy shifokorlik punktlari esa 4,7 milliard so‘m, Pangat, hamda Qo‘shrabot oilaviy shifokorlik punktlari investitsiya dasturi asosida 3,7 milliard so‘mga yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi hamda ularning har biri 16 turdagi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan.
Joriy yilda Qovunchi oilaviy shifokorlik punkti 1,5 milliard so‘m homiylik mablag‘lari hisobidan yangidan qurilib, hududda aholiga tibbiy xizmat sifatini oshirish uchun tez tibbiy yordam shoxobchasi tashkil etilgan. Shu bilan birga, markaziy shifoxonaning moddiy texnik bazasini yaxshilash maqsadida “Tashabbusli byudjet” mablag‘i hisobidan 1,2 milliard so‘m ajratilib, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan. Birlashmaning ichki kasalliklar, asab kasalliklari, jarrohlik, ginekologiya, reanimatsiya, bolalar kasalliklari va operblok bo‘limlari ham to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.
Press-tur davomida ishtirokchilar tuman markazidan 80 kilometr uzoqlikda joylashgan Oqchopsoy oilaviy shifokorlik punkti faoliyati bilan tanishdi.
- Punktimizda 2 nafar shifokor, 6 nafar patronaj, 4 nafar kunduzgi statsionar 3640 nafar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda, - deydi ushbu oilaviy shifokorlik punkti mudiri Qahhor G‘ofurov. – Bu yerda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Jumladan, bino qish kunlari ko‘mir bilan isitiladi, ta’mirlangan, zarur dori-darmonlar zaxirasi bor, aholi uchun tez tibbiy yordam ko‘rsatishga mo‘ljallangan maxsus "UAZ" avtomashinasi bilan ta’minlangan. Shuningdek, 535 nafar aholiga xizmat qilayotgan zamonaviy Oqchopsoy mahalla tibbiyot punkti ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
Keyingi manzil tuman markazidan qariyb 100 kilometr uzoqlikda joylashgan Jonbuloq mahallasidagi zamonaviy oilaviy shifokorlik punkti bo‘ldi. Ushbu tibbiyot punkti 20 kilometr radiusda16 qishloq aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda.
- Uch yildan buyon shu yerda ishlayman, - deydi Jonbuloq oilaviy shifokorlik punkti mudiri, urgutlik Miraziz Sattorov. – Bino ham, tibbiyot uskunalari ham zamon talablariga mos. Qolaversa, internet ham bor. Boshqa tumandan kelib ishlayotgan shifokorlar uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. Ayniqsa, chekka bir qishloqda aholi talab qilayotgan sifatli tibbiy xizmat hozir shahardan kam emas. Ayni paytda bir nafar vrach, 9 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari bilan 2200 nafar aholiga xizmat ko‘rsatyapmiz.
- Yoshim 61 da, belimda grija borligi uchun tez-tez davolanib turaman, - deydi Jonbuloq mahallasi Mujg‘on qishlog‘ida yashovchi Pardagul Alimova. – Avvallari mahallamizdagi tibbiyot punktida davolanish uchun sharoit yo‘q edi va 100 kilometr uzoqlikdagi tuman markaziy shifoxanasiga yoki shaharga borishga to‘g‘ri kelardi. Qor-yomg‘irli kunlarda ba’zida bunga imkon ham bo‘lmasdi. Shukrki, hozir bunday sharoit o‘zimiz yashaydigan mahallada yaratildi va bundan juda xursandmiz. Mana, olti kundan buyon shu yerda statsionar davolanyapman.
Qo‘shrabot tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli markaziy shifoxona binosi ta’mirlanib, tibbiyot punktlari va oilaviy poliklinikalari yangicha ko‘rinishga keltirilayotgani va zamon talablariga moslanayotgani yaxshi albatta. Ammo bu bilan aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib bo‘larmikan?
- Yo‘q, bu bilan tibbiy xizmat sifatini oshirib bo‘lmaydi, - deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyev. – Zamonaviy tibbiy uskunalardan to‘g‘ri foydalanish kerak. Buning uchun esa malakali mutaxassislar zarur. Tumanimizda oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlariga ehtiyoj katta.
Bugungi kunda tibbiyot muassasalarimizda 129 nafar oliy ma’lumotli shifokor mehnat qilmoqda. Ulardan 14 nafari 30 yoshgacha, 32 nafari 31-45, 41 nafari 46-60 yoshgacha va pensiyadagilar 42 nafarni tashkil etadi. Tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli shifo maskanlarida 699 nafar o‘rta tibbiyot xodimi faoliyat yuritmoqda. Ularning 46 nafari 0,5, 146 nafari esa 0,75, 415 nafari to‘liq va 18 nafari 1,25, 30 nafari esa 1,5 shtat birligida ishlab kelmoqda.
Ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratilayotgan qulayliklar natijasida tumanda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish yaxshilanib, tumanlardan oliy malakali vrachlar kelmoqda. Ammo asosiy masala - tibbiyot birlashmasiga qarashli shifo maskanlarida 115 nafar oliy ma’lumotli shifokor o‘rni vakant turibdi. Hozirda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bitiruvchilarini ishga jalb qilish va maqsadli ordinatura orqali vrachlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashni rejalashtiryapmiz.
Fazliddin Ro‘ziboyev.