Samarqand tibbiyotida dunyo bo‘yicha ommalashtirilishi lozim bo‘lgan yangiliklar bor

Bu gapni kecha viloyatimizda ilk bor o‘tkazilgan muhim anjuman - Yevroosiyo bolalar xirurglari konfederatsiyasining I kongressida Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh xirurgi D.Morozov aytdi.

Ilk bor o‘tkazilgan mazkur anjumanning o‘ziga xosligi shundaki, ilmiy shu’balarda aytiladigan ba’zi yangilik va natijalar avval amaliyotda ko‘rsatib berildi.  Xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasida o‘tkazilgan mahorat saboqlarida buyuk britaniyalik bir guruh shifokorlar murakkab operatsiyalarni amalga oshirishda o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Kongressga tashrif buyurgan buyuk britaniyalik taniqli shifokorlar markazimizda miniinvaziv xirurgiya bo‘yicha o‘quv kurslari va murakkab operatsiyalar o‘tkazib, sohadagi yangiliklarni baham ko‘rishdi, - deydi Samarqand davlat tibbiyot universiteti ixtisoslashgan bolalar xirurgik klinikasi bosh shifokori Jamshid Shamsiyev. -  Ilmiy anjumanda aytiladigan ba’zi yangiliklar klinikada amaliy tarzda ko‘rsatib berildi. Ushbu anjumanda 30 davlatdan 150 nafar mehmonlar – bolalar xirurgiyasining taniqli vakillari, olimlar ishtirok etdi.

Aytish kerakki, Yevroosiyo bolalar xirurgiyasi konfederatsiyasi qaroriga asosan ilk kongressning aynan Samarqandda o‘tkazilishi professor Azamat Shamsiyev tavalludining 80 yilligi munosabati bilan belgilangan. “Bolalar xirurgiyasida innovatsion texnologiyalar” mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi A.Boboyev yurtimizda tibbiyotga qaratilayotgan e’tibor va qator o‘zgarishlar haqida to‘xtaldi.

 - Samarqanddagi ixtisoslashgan bolalar jarrohlik klinikasidagi sharoit O‘zbekistonda tibbiyotga naqadar katta e’tibor berilayotganini ko‘rsatib turibdi, - dedi Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bolalar bosh xirurgi D.Morozov. – Bu yerda katta tajriba, yangilik ko‘rdik, dunyo bo‘yicha ommalashtirilishi lozim bo‘lgan usullarga duch keldik. Muhimi, bunday ilmiy va ijodiy yutuqlar bardavom bo‘lishiga sharoit yaratilgan.

Anjumanda sohaning xorijlik yetakchi vakillari, xususan, Yaponiyaning Xalqaro bolalar endoxirurglari assotsiatsiyasi prezidenti Satoshi Iyeiri, Yevropa bolalar xirurglari assotsiatsiyasi prezidenti Gonka Tekant, Osiyo endoskopik va laparoskopik xirurglari assotsiatsiyasi prezidenti Mahir Ozmenlar nutq so‘zladi.

- Butun dunyoda miniinvaziv operatsiyalar amalga oshirilishi tobora ommalashmoqda, - deydi Buyuk Britaniyaning Southamton universiteti professori Euan Brounli. – Xususan, o‘zim faoliyat olib borayotgan klinikada mutaxassisligim, ya’ni urologiya bo‘yicha operatsiyalar yuz foiz laparoskopik usulda amalga oshiriladi. Bu usul bemorlarning tez sog‘lom hayotga qaytishi, jarohat olmasligi, shifoxonalarda ko‘p qolib ketmasligi kabi qator qulayliklarga ega. Hozir o‘tkazilayotgan mahorat mashg‘ulotlari ham aynan zamonaviy texnologiyalar orqali amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlari bilan bog‘liq. Anjumanda aynan shu masala yuzasidan ma’ruza qildim va hamkasblarim bilan o‘zaro fikr almashdik. 

Konferensiya ishida xorijlik va mamlakatimiz olimlari ishtirokida sohaga oid dolzarb mavzularda 200 dan ortiq ma’ruzalar tinglandi.