Viloyat ko‘p tarmoqli shifoxonasida xalq tabobati bo‘limi ochiladi
Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i rahbarligidagi tibbiyot xodimlarining Xitoy Xalq Respublikasi Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoniga xizmat safari davomida shunday kelishuvga erishildi.
– Xitoy bugungi kunda tibbiyoti jadal rivojlanayotgan davlatlardan hisoblanadi, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Zayniyev. – Zamonaviy tibbiy jihozlardan keng foydalaniladi, yuqori texnologiyali amaliyotlar yo‘lga qo‘yilgan. Shu bilan birga, keyingi paytda xalq tabobati rivojlanib, bemorlarni kimyoviy dori-darmonlar o‘rniga tabiiy mahsulotlar bilan davolash keng ommalashmoqda. Shinjon tibbiyot kollejida xalq tabobati bo‘yicha kadrlar tayyorlanar ekan. Qoramoy shahar xalq siyosiy maslahat kengashi raisi o‘rinbosari Li Guo Lyan, Qoramoy shahar sog‘liqni saqlash qo‘mitasi rahbari Chju Xua va boshqa mas’ullar bilan uchrashuvlar chog‘ida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, telemeditsina, xalq tabobati bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish, kadrlarni masofaviy o‘qitish va tajriba almashishiga imkoniyat yaratish masalalarini muhokama qildik. Ana shu muhokamalar yakunida Qoramoy shahar sog‘liqni saqlash qo‘mitasi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Qoramoy shahar markaziy shifoxonasi va viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi o‘rtasida memorandumlar imzolandi. Unga ko‘ra, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bemorlarni xalq tabobati asosida davolovchi bo‘lim tashkil etishga qaror qilindi. Shuningdek, ikkinchi Shinjon tibbiyot kollejida samarqandlik yoshlarning tabobat yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldik.
Samarqandlik tibbiyot xodimlarining Urumchi shahriga tashrifi doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni salomatlik qo‘mitasi raisi Yu Ai Ping bilan bo‘lgan uchrashuvda kadrlar almashinuvi, shoshilinch tibbiy yordam xizmatlarini takomillashtirish, telemeditsina, murakkab amaliyotlar bo‘yicha masofaviy fanlararo konsultatsiyasi yuzasidan hamkorlik qilishga kelishildi.
Delegatsiya, shuningdek, Ipak yo‘li salomatlik forumida, beshinchi “Bir kamar, bir yo‘l” akademik sammitida va ShHTning oltinchi bor o‘tkazilayotgan kasalxona hamkorlik forumida ishtirok etdi.
Forum doirasida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni raisi o‘rinbosari Qayser Abdukarim bilan ham uchrashdi. Muloqotda sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik, jumladan, o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or yangiliklar va qo‘shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, delegatsiya Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni xalq kasalxonasida bo‘lib, an’anaviy Xitoy tibbiyoti, uning tarixi, innovatsiyasi va rivojlanishiga bag‘ishlangan sammitda ishtirok etdi.