O‘t o‘chiruvchilar endi IIV xodimi emas
Favqulodda vaziyatlarning oldini olishda yangicha tizim tatbiq etilmoqda. Prezidentning 10 apreldagi farmoni va qarori bilan Yong‘in xavfsizligi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o‘tkazildi. Bu haqda FVV matbuot xizmati xabar berayapti.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga:
IIVdan Yong‘in xavfsizligi Bosh Boshqarmasi, uning hududiy va tarkibiy tuzilmalari hamda Yong‘in xavfsizligi instituti; Mudofaa vazirligidan Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqaruv xizmati berildi.
Gidrometeorologiya xizmati markazi Favqulodda vaziyatlar vazirligidan Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazildi.
Endi yong‘in xavfsizligi quyi tuzilmalari bazasida favqulodda vaziyatlar bo‘limlari va yong‘in-qutqaruv tuzilmalari tashkil etilib, ularga yong‘inlarni bartaraf etish bilan birga qutqaruv ishlarini amalga oshirish vazifalari ham yuklatildi.
Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markazi hamda hududiy tezkor boshqaruv markazlari tashkil etilib, ularga aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida monitoring va prognozlash vakolatlari berildi.
Nukus, Qarshi, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida yirik favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan hududiy yong‘in-qutqaruv otryadlari tashkil etilmoqda.
Ilmiy ishlarni rivojlantirish va kadrlarni tayyorlash sohasida yagona tizimni tashkil etish maqsadida:
Yong‘in xavfsizligi instituti akademiyaga aylantirilmoqda;
Favqulodda vaziyatlar muammolari va yong‘in xavfsizligi ilmiy-tadqiqot instituti, Yong‘in-qutqaruvchilarning boshlang‘ich tayyorgarligi va malakasini oshirish markazi hamda oliy harbiy-ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun yoshlarni tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan litsey tashkil qilinmoqda.
Hududiy Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari tarkibida hayotiy faoliyat xavfsizligi markazlari tashkil qilinadi. Ushbu markazlarda aholi favqulodda vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilishga o‘rgatiladi.