Yil boshidan buyon 52 nafar ichki ishlar idoralari xodimi jinoyatga qo‘l urgan

Oltinchi yalpi majlis kun tartibi doirasida Ichki ishlar vazirining O‘zbekiston Respublikasi hududida 2020 yil 6 oyi yakuni bo‘yicha jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish holati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Xususan, joriy yilning 6 oyida respublika miqyosida 21 535 ta jinoyatlar qayd etilgan bo‘lib, 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 63,3 tadan to‘g‘ri kelgan.

Qayd etilgan qotillik jinoyatlarning har uchinchisi (71 tasi, 35%), og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatlarining 76 tasi (20,5%) oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilgan.

Har to‘rtinchi jinoyat (4 988 ta yoki 23,2%) yoshlar tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, shundan 1315 tasi yoki 6 foizi ish bilan band bo‘lmagan yoshlar tomonidan sodir tilgan.

3 mingdan ortiq (3 198 nafar) jinoyatlar ishsizlar tomonidan sodir etilganligi aniqlangan.

Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash borasida amalga oshirilgan ijobiy ishlarga qaramasdan xodimlarining 3027 nafari xizmat intizomini buzish holatiga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, 52 nafar xodimlar esa jinoyatga qo‘l urgan.