Otasining orzusini amalga oshirgan muallima

Dilorom Kamolova Jomboy tumanidagi 20-maktabda 25 yildan beri o‘quvchilarga fizika fanidan dars berib keladi. Xalq ta’limi a’lochisi, “Shuhrat” medali sohibasi. 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. 

 Jajji muallima

Dilorom Kamolovaning o‘qituvchilikka qiziqishi bolalik chog‘larida paydo bo‘lgan. Tengdoshlari “Bekinmachoq yoki quvlashmachoq o‘ynaymiz", deganlarida, yo‘q “maktab-maktab” o‘ynaymiz, deb ularni ham o‘qishga qiziqtirgan. Va bu o‘yinda jajji Dilorom, albatta, “muallima” bo‘lgan.

Otasi Tuval aka shu qizini doim “menga armon bo‘lgan orzuimni amalga oshiradigan mittigina muallima qizim”, deb erkalardi. 

Dilorom opaning muallima bo‘lish orzusi bor edi, ammo qaysi fan o‘qituvchisi bo‘lish kerak, degan savol uni qiynardi. Sababi, maktabda hamma fandan a’lo baholarga o‘qirdi. Fizika fani o‘qituvchisi Boli Shohnazarovning dars o‘tish jarayoni unga ko‘proq yoqardi va u ham shu yo‘ldan ketdi.

 O‘qituvchilar oilasi kelini

Dilorom opaning otasi oshpaz, onasi esa hamshira bo‘lib halol mehnati bilan 8 farzandni voyaga yetkazib, o‘qimishli, uyli-joyli qildi. Ularning 4 nafari oliy ma’lumotli. Farzandlar orasida faqat Dilorom opa o‘qituvchilik kasbini tanladi. Boli Shohnazarov xonadoniga kelin bo‘lib tushdi. 

- Otam ayrim sabablarga ko‘ra o‘qituvchi bo‘lolmagan, - deydi muallima. – U kishi kimningdir tarjimai holida, “o‘qituvchilar oilasida dunyoga kelganman”, degan yozuvni o‘qisa havas qilgan. Nevaralarimning tarjimai holida shu bitik bo‘lishi kerak, derdi ko‘pincha otam. Ustozim – qaynotam, qaynonam ham o‘qituvchi, turmush o‘rtog‘imning maktabda fizika fanidan dars berishi men uchun eng katta baxt bo‘ldi. 

 10 nafar shogird talaba bo‘ldi

Maktabning fizika sinfxonasida 300 dan ziyod ko‘rgazmali qurollar mavjud. Bu fizik asboblar o‘quvchilarning chuqur bilim egallashi uchun katta imkoniyat. 

- Dilorom Kamolova o‘quvchilarga har bir darsni qiziqarli, sodda tilda, ko‘rgazmali qurollar bilan tushuntirishga harakat qiladi, - deydi maktab direktori Sayxalbek Narimov. – U o‘z faniga mehr qo‘ygan muallima. Repititorlik qilmaydi. Shogirdlari dars jarayonida olgan bilimlari bilan talaba bo‘lish uchun test sinovlaridan qiynalmay o‘tadi. Shu yilning o‘zida fizika fanidan imtihon topshirgan 10 nafar shogirdi nufuzli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. 

 Erkak o‘qituvchilar maktabga qaytyapti

Sir emas, bundan 15-20 yil ilgari ko‘pgina erkak o‘qituvchilar maktabdagi oylik maosh kamligi tufayli boshqa daromadli yumushlar bilan shug‘ullanib ketgandi. Dilorom Kamolovaning turmush o‘rtog‘i ham maktabni tark etib, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish ustaxonasini ishga tushirgandi. 

- Mashaqqatlar bilan erishganim – o‘qituvchilik kasbining ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor ekan, - deydi D.Kamolova. – Oilamiz boshidan quvonchli kunlar bilan birga tashvishli damlar ham o‘tdi. 4 nafar farzandimiz bor. Ularning ham ikki nafari o‘qituvchi, biri esa talaba, yana biri maktab o‘quvchisi. Keyingi yillarda ustoz va murabbiylarga qaratilayotgan e’tibor, kelgusida yaratiladigan imkoniyatlarni ko‘rib, turmush o‘rtog‘im ko‘nglida ham maktabga qaytish istagi paydo bo‘ldi. Bundan besh yil oldin maktabimizda 60 dan ziyod pedagoglarning bor-yo‘g‘i 5 nafari erkak o‘qituvchi edi. Bugungi kunda jamoamizda ular safi kengayib 15 nafarga yetdi. Oilada erkak kishining alohida o‘rni bo‘lgani kabi maktabda o‘quvchilar tarbiyasida ham ularning roli katta. 

Dilorom Kamolova maktabda fizika fanidan dars berish bilan birga o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari vazifasida ham faoliyat yuritar ekan. Unga bir necha marta boshqa rahbarlik lavozimlarida ishlash taklifi berilgan, ammo barchasini rad etgan, o‘quvchilariga ta’lim berish jarayonidan uzoqlashishni istamagan. O‘quvchilarining har bir yutug‘ini ko‘rgandagi quvonchini, el o‘rtasidagi obro‘-e’tiboridan o‘zidan ko‘ra keksa ota-onasi ko‘proq sevinishini har qanday lavozimdan ustun qo‘yadi. 

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (foto).