O‘tgan oy eng issiq iyunlardan biri bo‘ldi: Iyul oyida ob-havo qanday bo‘ladi?
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, 27-28 iyun kunlari shimolda va cho‘l hududlarda, 29 iyunda mamlakatning katta qismida issiq maksimal darajaga yetdi. Ushbu kunlarda termometr ustuni kun ikkinchi yarmida 40-42 daraja issiqqacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 44-46 daraja issiqqacha ko‘tarildi. Qizilqumning ayrim hududlarida havo harorati 47 darajaga yetdi, bu meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori iyun oyi qiymatlariga yaqinlashdi.
Xorazm viloyati, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari ayrim tumanlarida iyun oyi uchun maksimal havo harorati bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatildi.
30 iyunda respublika hududi katta qismida harorat biroz pasayishi boshlandi va u 1 iyul kunida ham davom etadi. 2-3 iyul kunlari hudud katta qismida harorat yana 40-41 daraja issiqqacha ko‘tariladi. Janub eng chekka qismida ushbu kunlarda harorat 42-45 daraja issiq oralig‘ida bo‘ladi.
Keyingi kunlarda nisbatan salqin havo kutilmoqda. 3 iyulda shimoliy hududlarda, 4-5 iyul kunlari O‘zbekiston barcha hududlari bo‘yicha havo harorati yoz fasli uchun 30-33 daraja issiq bo‘lgan qulay qiymatlargacha pasayadi, so‘ng bir necha kun davomida 34-37 daraja issiq, janubda 38-40 daraja issiq atrofida saqlanib turadi.
Iyul oyi ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat asosan 35-38 daraja issiq atrofida bo‘lishi, ayrim kunlari ba’zi joylarda 40-42 daraja issiqqacha ko‘tarilishi kutilmoqda.
Iyul oyida yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam, faqat tog‘oldi va tog‘li hududlarda ba’zi joylarda 2-4 kun qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.