Oylik ish haqlari ham to‘liq plastik kartaga tushiriladi
Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi tavsiyasiga asosan aholiga ish haqi va pensiya to‘lovlarini ustuvor ravishda bank kartalari orqali amalga oshirish choralari ko‘rilmoqda. Unga ko‘ra:
– barcha turdagi korxona va tashkilotlar, shu jumladan, byudjet tashkilotlari xodimlarining oylik ish haqlari ham bosqichma-bosqich to‘liq bank kartalari orqali amalga oshiriladi;
– korxona va tashkilotlar rahbarlari bank kartaci ochilmagan, ya’ni oylik ish haqini naqd pul shaklida olib kelgan xodimlarga xizmat ko‘rsatuvchi bank bilan birgalikda tez fursatlarda bank kartalari ochib berish choralarini ko‘rishlari (korxona nomidan tegishli ariza va xodimlarning pasport nusxalarini elektron shaklda banklarga taqdim etishlari) lozim bo‘ladi;
– ochilgan bank kartalari xizmat ko‘rsatuvchi bank tomonidan tegishli korxona va tashkilotlarga barcha sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda yetkazib beriladi;
– korxona va tashkilotlar ishchi xodimlari o‘z kartalarini banklarga tashrif buyurmagan holda, bevosita o‘zlari ishlaydigan korxona va tashkilotlardan olishlari mumkin bo‘ladi.
Respublikamizning barcha fuqorolariga yana bir bor shuni ta’kidlab o‘tamizki, bank kartalarini rasmiylashtirish uchun banklarga tashrif buyurishingiz umuman talab etilmaydi.
Bank kartalari sizlarning ishtirokingizsiz ochiladi va xizmat ko‘rsatuvchi bankning mas’ul xodimlari tomonidan sanitar qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda, nafaqadagi fuqarolarga yashash manzillari bo‘yicha korxona va tashkilotlar ishchi xodimlariniki esa korxona va tashkilotlarning yuridik manzili bo‘yicha yetkazib beriladi.