Ozarbayjon prezidentining qizi Samarqandga tashrif buyurdi

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning to‘ng‘ich qizi Leyla Aliyeva Samarqandga tashrif buyurdi.

Leyla Aliyeva Samarqandning ko‘plab diqqatga sazovor joylarini ziyorat qildi. Jumladan, dunyoga mashhur Registon, Amir Temur ziyoratgohi, Bibixonim masjidi va Ulug‘bek rasadxonalarini borib ko‘rdi.

Tarixiy obidalarimiz mehmonda juda chuqur iz qoldirdi.

Shuningdek, u Samarqanddagi osh markazlaridan biriga tashrif buyurib, o‘zbek palovining mazasini tatib ko‘rdi va Samarqand palovining mazasiga yuqori baho berdi.

Safar taassurotlari bilan o‘rtoqlashar ekan, Leyla Aliyeva Samarqand shahri unga juda yoqqanini, imkoni bo‘lishi bilan bu shaharga takror va takror yana kelishini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, Leyla Aliyeva ijtimoiy hayotda juda faol hisoblanadi. U bugungi kunda "Baku" jurnalining bosh muharriri va bobosi Haydar Aliyev nomidagi fondning rahbar o‘rinbosari, fondning Rossiyadagi bo‘limi boshlig‘i hisoblanadi. Shuningdek, u faol ijodkor hisoblanadi. Filmlar oladi va she’rlar yozadi.