O‘zbekiston aeroportlari xalqaro aviaqatnovlarni tiklashga tayyorgarlik ko‘rmoqda
O‘zbekiston aeroportlari mehmonlar tashrifiga qizg‘in tayyorgarlikni boshlab yubordi. Bu haqda Uzbekistan Airports axborot xizmati xabar qildi.
20 dan ziyod xorijiy aviakompaniyalar, jumladan, Turkish Airlines, Fly Dubai, Korean Air, Asiana, Air Astana, «Aeroflot», «Sibir» vakillari hamda «O‘zaviatsiya» agentligi mutasaddilari o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda koronavirus pandemiyasi va karantin cheklovlarining yumshatilishidan keyin xorijiy aviakompaniyalarning o‘zaro parvozlarni qayta tiklashi va bu boradagi hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yishi masalalari haqida fikr almashildi.
Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi Ravshan Ismoilov O‘zbekiston aeroportlari aviatashuvlarni tiklash, yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish va hamkorlikda faoliyat olib borishdan manfaatdorligini qayd etdi. Shuningdek, u bu boradagi hamkorlikning sayyohlik hamda eksportning rivojlanishiga, investitsiyalar jalb qilinishi kuchayishiga turtki berishini ta’kidladi.
Uzbekistan Airports matbuot xizmati xorijlik sheriklar ham O‘zbekistonga parvozlarni qayta tiklashga har jihatdan tayyor ekanligini ma’lum qildi.