O‘zbekiston pasporti Global Passport Index 2026 reytingida 123-o‘rinni egalladi
Global Citizen Solutions kompaniyasi e’lon qilgan Global Passport Index 2026 reytingida O‘zbekiston pasporti dunyo bo‘yicha 123-o‘rinni egalladi.
Reytingda pasportlar faqat vizasiz safar imkoniyati bo‘yicha emas, balki fuqarolikning kengroq imkoniyatlari — xalqaro mobillik, investitsiyaviy jozibadorlik va hayot sifati mezonlari asosida ham baholangan.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston pasporti 30 ta davlatga vizasiz kirish imkonini beradi. O‘zbekiston fuqarolari Xitoy, Andorra, Belarus, Birlashgan Arab Amirliklari, Antigua va Barbuda, Armaniston, Ozarbayjon va Barbados kabi davlatlarga vizasiz yoki viza borgan joyida rasmiylashtiriladigan tartibda safar qilishi mumkin.
Shu bilan birga, O‘zbekiston pasporti egalari 93 ga yaqin yo‘nalish bo‘yicha oldindan viza olishi talab etiladi. Ular qatoriga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Afg‘oniston va Angola kabi davlatlar kiradi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich Qozog‘istonga tegishli — u 109-o‘rinda. Keyingi o‘rinlarda O‘zbekiston — 123-o‘rin, Qirg‘iziston — 127-o‘rin, Tojikiston — 140-o‘rin, Turkmaniston — 144-o‘rinda qayd etilgan.
Reytingda birinchi o‘rinni Shvetsiya egallagan. Keyingi o‘rinlarda Shveysariya, Finlyandiya, Germaniya va Niderlandiya joylashgan. Eng quyi pog‘onalarda esa Afg‘oniston, Somali, Janubiy Sudan, Yaman va Suriya qayd etilgan.