Yozuvchi, shoir, tarjimon va olim Muhammad Ali 80 yoshda
Samarqand shahridagi yoshlar markazida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali bilan ijodiy uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda taniqli shoir va yozuvchilar, adabiyot ixlosmandlari ishtirok etdi. Samimiy, ko‘tarinki ruhda o‘tgan ijodiy uchrashuvda so‘zga chiqqanlar taniqli shoir va yozuvchi Muhammad Ali Andijonda tug‘ilib, ayni paytda poytaxtda yashayotgan bo‘lsa-da samarqandliklar bilan qalban birga ekanligi, bu ko‘hna kentga muhabbati boshqacha ekanligini ta’kidlashdi. Uning nasrdagi dastlabki asari - «Sarbadorlar», «Ulug‘ saltanat» tarixiy romani va boshqa bir qator asarlari buni isbotlaydi. Shuning uchun ham Muhammad Ali tavalludining 80 yilligi Samarqandda ham keng nishonlanyapti.
Tantanali tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Rustam Qobilov viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning tabrik so‘zini o‘qib eshittirdi va adibga hokimlikning esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Uchrashuvda yozuvchi hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. Uning qalamiga mansub she’rlar o‘qildi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan uchrashuvlar davom etadi. Xususan, ertaga Samarqand gornizoni ma’naviyat va ma’rifat markazida harbiylar bilan ijodiy kecha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.