O‘zbekistonda hindistonlik investor bilan tibbiyot sohasida qo‘shma korxonalar ochiladi
O‘zbekiston elchisi Sardor Rustamboyev Hindistonning "North East Healthcare/Srishti Hospitals" kompaniyasi bosh ijrochi direktori, Samarqand shahridagi "Zarmed Pratiksha" O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma shifoxonasi asoschisi Nishant Bajaj bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida so‘nggi yillarda mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida, jumladan, tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy munosabatlarni faollashtirish bo‘yicha yaratilgan qulay muhit ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashga asos bo‘layotgani ta’kidlandi.
Nishant Bajaj O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil Hindistonga rasmiy tashrifi doirasida ishbilarmon doiralar vakillari bilan uchrashuvi yakunlaridan ruhlanib, Samarqand shahrida tibbiyot yo‘nalishidagi "Zarmed Rratiksha" qo‘shma korxonasining xorijlik ta’sischisi bo‘lgan.
Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti xonalari, 100 o‘rinli statsionar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Intervension kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, endoskopik jarrohlik, ortopediya va travmatologiya, urologiya va ginekologiya, otolaringologiya faoliyat turlari uchun zamonaviy diagnostika uskunalari o‘rnatilgan. Bir vaqtning o‘zida 600 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Tibbiy xizmatlar xalqaro standartlar asosida kompleks tarzda ko‘rsatilmoqda.
Hindistonlik tadbirkorning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mazkur qo‘shma korxonaning Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida diagnostika markazlari tashkil etilgan. Joriy yil Toshkent shahrida yangi tibbiyot markazini bunyod etish bo‘yicha tashkiliy masalalar o‘rganib chiqilmoqda. Shu maqsadda 2 million dollar atrofida xorijiy investitsiya jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Muloqot davomida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik tibbiyot mutaxassislarining Hindistonning yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirishi, tajribali hind vrachlarining Samarqand shahridagi qo‘shma shifoxonada muntazam faoliyat yuritishini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.