O‘zbekistonda Malayziya texnologiyalari asosida krevetka yetishtirish yo‘lga qo‘yilmoqda
Ushbu masala O‘zbekiston va Malayziya qishloq xo‘jaligi vazirliklari mas’ullari ishtirokida muhokama qilingan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, muzokaralar davomida mamlakatimizda krevetka yetishtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishilgan.
Bir qator viloyatlarda Malayziyaning yirik kompaniyalaridan biri — “Market Boy” bilan hamkorlikda krevetka yetishtirish loyihasi amalga oshiriladi. Ushbu loyiha Malayziyaning ilg‘or texnologiyalari asosida yo‘lga qo‘yilib, respublikamizda akvakultura rivojiga xizmat qiladi.
Ushbu krevetkalar Malayziyaning xalqaro darajadagi halol sertifikati bilan ta’minlanadi. Bu esa mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqish imkoniyatini oshiradi. Halol oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talab yuqori ekanini inobatga olsak, bu loyiha O‘zbekistonning eksport salohiyatini ham kengaytirishi mumkin.