O‘zbekistondan Hindistonga kislorod konsentratorlari, dori vositalari yetkazib berildi
Ma’lumki, shu kunlarda dunyoning ayrim mintaqalarida koronavirus pandemiyasining ikkinchi to‘lqini avj olmoqda. Xususan, so‘nggi kunlarda Hindistonda epidemiologik vaziyat keskin tus oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, Hindiston uchun murakkab va sinovli kunlarda joriy yil 1 may kuni Dehli shahriga insonparvarlik ko‘magi yetkazib berildi.
Mobil kislorod konsentratorlari to‘plamlari, ehtiyoj yuqori bo‘lgan turli dori vositalaridan tarkib topgan insonparvarlik yuklarini Dehli aeroportida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Ahatov mazkur mamlakat Qizil Xoch jamiyati va Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakillariga topshirdi.
Marosimda Hindiston Tashqi ishlar vazirligi Yevroosiyo departamenti direktori o‘rinbosari Bandaru Vilsonbabu Hindistonda sanitariya-epidemiologik vaziyat og‘irlashgan hozirgi vaqtda O‘zbekiston rahbariyati tomonidan birinchilardan bo‘lib insonparvarlik yordami yuborish haqida qaror qabul qilingani mamlakatimizning xalqaro hamjamiyat oldida faol hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga sodiq ekanidan hamda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi strategik sherikchilik aloqalarining amaldagi yaqqol isbotidan dalolat ekanini ta’kidladi.
– Biz do‘st va birodar O‘zbekiston Respublikasidan jo‘natilgan insonparvarlik yuklarini qabul qilib oldik. O‘zbekiston va Hindiston azaldan sinalgan do‘st va yaqin hamkorlar hisoblanadi. Mamlakatlarimiz an’anaviy ravishda turli masalalarda bir-birini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan. Bugun o‘zbekistonlik do‘stlarimiz tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami xalqlarimizning samimiy do‘stligi, bir-biriga bo‘lgan ishonchi va hurmatidan dalolat beradi. Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston rahbariyatiga ushbu murakkab va og‘ir damlarda hind xalqiga ko‘rsatgan olijanob ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildiramiz, – dedi Hindiston vakili.
Qayd etish lozimki, O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami Hindistonning qator yetakchi OAVlari, xususan, “Times of India”, “ANINews”, “ZeeNews” va boshqa nashrlarda keng yoritilmoqda.
O‘zA.