O‘zgarishlar sarsongarchiliklarning oldini oladi

Keyingi 3-4 yilda sud tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Aksariyat hollarda bu yangiliklar turlicha talqin etilmoqda. Vaholanki, amalga oshirilayotgan har bir o‘zgarish avvalo inson huquqlari oliy qadriyat bo‘lishini amalda kafolatlash, shu bilan birga xalqaro amaliyotni keng qo‘llashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

2020 yil 19 dekabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi. Jumladan, sud qarorlarini qayta ko‘rishning protsessual tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi hamda Jinoyat, Iqtisodiy va Fuqarolik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlar ma’qullandi.

Savol tug‘ilishi tabiiy – nima o‘zgardi, yangi tartibning fuqarolarga yaratgan qulayligi va yengilligi nimada?

Bugungi kunda apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlari bir xil vazifani bajarib, birinchi instansiya sudlarining qarorlarini qayta ko‘rib chiqadi. Ular biri qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, ikkinchisi esa qonuniy kuchga kirgan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishi bilan farqlanadi.

Kiritilayotgan o‘zgartishga ko‘ra, apellyasiya instansiyasi sudida qonuniy kuchga kirmagan sud qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni, apellyasiya instansiyasida ko‘rib chiqilgan ishlarni esa kassatsiyada ko‘rib chiqish tartibi belgilanmoqda.

Ya’ni, Senat ma’qullagan qonunlar bilan bir-birini takrorlovchi instansiyalar bekor qilinmoqda. Jumladan, xalqaro standartlarga mos ravishda uch bosqichli sud - birinchi instansiya (tuman, shahar sudlari, ayrim toifadagi murakkab ishlar bo‘yicha viloyat sudlari, apellyasiya instansiyasi (viloyat darajasidagi sudlar) va kassatsiya instansiyasi (Oliy sud) tizimi yaratiladi. Bu bilan kassatsiya tartibi vazifa va vakolatlarini takrorlovchi amaldagi nazorat tartibida ish yuritish bekor qilinmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksida birinchi instansiya sudining hukmi va ajrimi ustidan apellyasiya tartibida shikoyat berish muddati 10 kundan 20 kunga, fuqarolik, ma’muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha apellyasiya shikoyatlarini berish muddatlari 20 kundan 1 oyga qadar uzaytirilmoqda.

Bundan tashqari, kassatsiya tartibida shikoyat berishning 6 oy bo‘lgan muddati 1 yil etib belgilanmoqda.

Mazkur o‘zgartirishlar fuqarolarning ortiq ovoragarchiliklarining oldini oladi, odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirib, sudning chinakam mustaqilligini, fuqarolar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta’minlashga, qonun ustuvorligi va odil sudlov samaradorligi bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimiz nufuzi oshishiga xizmat qiladi.

Shu o‘rinda yana bir gap. Yangi o‘rnatilayotgan tartib birinchi instansiya sudida ko‘rilgan ishni bir-ikki oy ichida apellyasiya tartibida, uch-to‘rt oy ichida Oliy sudda ko‘rish imkonini beradi. Bu sudma-sud sarson bo‘lishning oldini oladi. O‘z navbatida qisqa muddatlarda jabrlanuvchi, da’vogar va ishdagi boshqa taraflarning buzilgan huquqlari tiklanadi.

Albatta, amaldagi tartibga jinoyat ishlari bo‘yicha sud qarorlarini qayta ko‘rish institutini yanada takomillashtirish, jumladan, taraflarning tortishuvi va teng huquqliligi prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan yana bir qator o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Muhimi, bu yangiliklar xalqaro standartlar normalarini milliy qonunchilikka moslashtirishga xizmat qiladi.

Abduhakim OLTIBOYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi sudyasi.