Palma oroli lava bilan qoplandi

Kanar arxipelagidagi Palma orolida vulqon otilishi tufayli minglab odamlar evakuatsiya qilinmoqda. 50 yil davomida mudragan Kumbre-Vexa 19 sentyabr, yakshanba kuni uyg‘onib, yirik lava tashlanishi bilan o‘zini bildirdi. Yaqin atrofdagi aholi punktlari xavf ostida qoldi.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Nyu-Yorkka rejalashtirilgan safarini kechiktirdi va aholini qo‘llab-quvvatlash uchun shaxsan orolga keldi. “Hammasi reja bo‘yicha ketmoqda”, - deya ishontirdi u. - Muhimi, vulqon otilishidan zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan aholi xavfsizligini kafolatlash.

Orol aholisi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan falokatga tayyor edi. Seysmologlar faqat oxirgi haftaning o‘zida mingtagacha yer silkinishini qayd etdi, ularning eng kuchlisi deyarli to‘rt ballga yetdi.

Mutaxassislarning aytishicha, vulqon bir necha oy faol bo‘lishi mumkin. Hozircha Kanar orollariga aviareyslar odatdagidek ishlamoqda.